10-yanvar kuni qurollangan shaxslar Ukraina kriminal olami vakili Yuriy Vasilenkoni olib qochib ketdi, deya xabar bermoqda Meduza.

Foto: The Independent

Vasilenkoni “Bazilik” restoranidan o‘g‘irlashda “bir guruh baquvvat erkaklar” ishtirok etgan. Vasilenko ularga qarshilik ko‘rsatishga uringach, unga qarata o‘q uzilgan. Guvohlarning aytishicha, yaradorni mashinaning yukxonasiga solib, olib ketishgan. Keyinchalik, Vasilenkoning uyi tintuv qilinib, o‘nlab qurol va portlovchi moddalar topilgan.

Mir prospektida joylashgan “Bazilik”  kafesi mijozining o‘g‘irlanishi haqida avvalroq “Interfaks” agentligi hech qanday ismlarni keltirmay xabar bergan edi. Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, bino yaqinida bir erkakka TT to‘pponchasi bilan ikki marta o‘q uzilgan. Mash Telegram-kanali bergan ma’lumotlariga ko‘ra, jabrlanuvchi kumush rangli Mitsubishi Pajero rusumli mashinada olib ketilgan.

Ukraina tergovchilarining ma’lumotiga ko‘ra, Yuriy Vasilenko 2017-yil mart oyida Kiyevda Rossiya Davlat Dumasining sobiq deputati Denis Voronenkovni otib ketishda asosiy gumonlanuvchi hisoblanadi. Siyosatchining o‘limiga aloqador boshqa gumonlanuvchilarning ba’zilari o‘ldirilgan, ba’zilari esa bedarak yo‘qolgan.