13-yanvar, yakshanba kuni bo‘lib o‘tadigan Osiyo Kubogi—2019 musobaqasining 2-turidan o‘rin olgan Turkmaniston—O‘zbekiston uchrashuvidan avval O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Ektor Kuper matbuot anjumanida jurnalistlar savollariga javob qaytardi.
“Og‘ir o‘tgan ilk o‘yindan so‘ng ikkinchi o‘yinni o‘tkazamiz. Bizni juda qiyin bahs kutib turibdi. Turkmaniston Yaponiyaga qarshi munosib o‘ynadi. Ertaga faqat g‘alaba uchun o‘ynaymiz”, — deya so‘z boshladi Ektor Kuper.Ilk uchrashuvdan keyingi xulosalar
— O‘yin sifati har bir odam uchun turlicha bo‘ladi. Asosiysi 3 ochko olish. Ummon Fors Ko‘rfazi kubogi sohibi bo‘lgandi. G‘alabadan xursandmiz. Bizda muammolar borligini tushunib turibmiz. Birinchi navbatda natija turadi. Biz chiroyli o‘ynashimiz mumkin, ammo bu ijobiy natijani kafolatlamaydi.
Turkmanistonning Yaponiyaga qarshi o‘yini haqida
— Albatta, bu o‘yinni ko‘rdik. To‘g‘ri, Turkmaniston yaxshi o‘yin namoyish etdi. Raqib juda tartibli jamoa ekan. Biz ko‘proq Yaponiyani o‘rgandik, chunki bu jamoa g‘alaba qozondi. Sababi doim g‘alaba qozongan jamoa tahlil qilish qiyin. Yana qaytaraman, Ummon bilan juda og‘ir o‘yin o‘tkazdik. Bizda boshqa, Turkmanistonda esa boshqacha taktika bor. Ertaga kimning taktikasi samarali ekanligini ko‘ramiz.
Krimetsning yo‘qligi haqida
— Uning o‘rnini kim to‘ldirishini 100 foiz aniqlikda ayta olmayman. Bizda bu joyda yana ikki nafar futbolchi bor.
Himoyaviy o‘yin haqida
— Turkmaniston terma jamoasi himoyasida o‘ziga yarasha muammolar bor. Biz ertaga ana shu muammolardan foydalanib hujum tashkil qilishga va raqib darvozasini ishg‘ol qilishga urinamiz.
VAR haqida
— Men buni muhokama qilmayman. Ko‘proq o‘z jamoam bilan mashg‘ulman. Albatta, texnologiya bo‘lsa va hakamlarga bahsli vaziyatlarda yordam bersa bu yaxshi.
Muxlislarning tanqidi haqida
— Albatta, o‘yinimiz ideal emas. Futbol tezkorlik bilan o‘zgarib bormoqda. Vazifamiz 3 ochko olish. Muxlislar bundan yaxshiroq o‘yin ko‘rishni istashini bilamiz. Chiroyliroq o‘ynashga harakat qilamiz.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @daryo_sport’ga obuna bo‘ling!