Yevropada noqulay ob-havo sharoiti tufayli halok bo‘lganlar soni kamida 17 kishini tashkil etdi. Kuchli qor yog‘ishi oqibatida ikki mingga yaqin odamlar o‘z uylarida qamalib o‘tirishga majbur bo‘lmoqda. Bu haqda “Vesti.ru” xabar berdi.

Foto: “Vesti.ru”

Sinoptiklarning taxminiga ko‘ra, yaqin kunlarda qor yog‘ishi yanada kuchayadi. Hafta oxiriga kelib yoqqan qor miqdori ikki metrga yetishi mumkin. Ba’zi joylarda esa u allaqachon uch metrdan oshgan.

Xabarda aytilishicha, meteorologik xavf-xatar darajasi Germaniyaning butun janubi-sharqiy qismi va Avstriyaning ko‘pgina qismida saqlanib qoladi.

Bunday ob-havo sababli Germaniyada skeleton bo‘yicha Yevropa chempionati bekor qilingan. Avstriyaning Alp tog‘larida qo‘plab tog‘-chang‘i kurortlari qor ko‘chkisi xavfi sababli yopib qo‘yilgan, ularning ba’zilaridan barcha sayyohlar evakuatsiya qilingan.