Prezidentning 2018-yil 17-avgustdagi “Toshkent shahrida boshqaruvning alohida tartibini joriy etish bo‘yicha huquqiy eksperiment to‘g‘risida”gi farmonida poytaxt tumanlari hududidan oqib o‘tgan kanallarning qirg‘oq zonasida joylashgan noqonuniy inshootlarni bartaraf etish va uning atrofini obodonlashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirish belgilangan. Mazkur farmon ijrosini ta’minlash maqsadida Oliy Majlis Qonunchilik palatasining bir guruh deputatlari tomonidan o‘tgan yilning 26—27-dekabr kunlari monitoring olib borildi, deya xabar bermoqda “Xalq so‘zi”.

Foto: “Xalq so‘zi”

O‘rganishlar shuni ko‘rsatdiki, Toshkent shahrining Chilonzor, Shayxontohur, Uchtepa, Yashnobod, Mirzo Ulug‘bek, Sergeli va Bektemir tumanlari hududidagi kanallarning qirg‘oq zonasida joylashgan noqonuniy inshootlarni bartaraf etish va ularning atrofini obodonlashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilgan. Biroq ayrim kanallar bo‘yida ilgari noqonuniy ravishda qurilgan inshootlar haligacha buzilmagani kuzatilmoqda.

Toshkent shahar hududidan oqib o‘tuvchi 128 ta kanal va sug‘orish tarmoqlarining qirg‘oqbo‘yida joylashgan 1300 dan ortiq obyekt va qurilmalar “Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar to‘g‘risida”gi qonun talablari buzilgan holda joylashtirilgan. Misol uchun, “Bo‘zsuv” kanali qirg‘oq hududi ayrim joylarda o‘zboshimchalik bilan o‘rab olingan, 180 dan ziyod obyekt va inshootlar qurilgan bo‘lib, antisanitariya sharoitlari kuzatilgan hamda bularning barchasi suv obyektlarini cho‘kindilardan tozalash uchun mo‘ljallangan texnikalarning kirishi va ishlashiga hamda qulay suv rejimi ta’minlanishiga to‘sqinlik qilmoqda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Sanoat, qurilish va savdo masalalari hamda Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitalari hamkorligida tashkil etilgan tadbirda Toshkent shahar hokimligi vakillarining ushbu masalalar yuzasidan axboroti eshitildi.

Qayd etilganidek, o‘tgan yilning iyul oyidan shu kunga qadar shahar kanallarining qirg‘oqbo‘yi hududlarida jami 1320 ta noqonuniy qurilmaning buzilishi ta’minlangan.

Foto: “Xalq so‘zi”

Eshituvda shahar aholisining kanal suv havzalariga befarqligi hamda ekologik madaniyati sustligi sababli kanallarning sanitar ahvoli yildan-yilga yomonlashib borayotgani, ularni tozalashga ushbu joylarda turar va noturar obyektlarning mavjudligi to‘sqinlik qilayotgani ta’kidlandi. Ayni chog‘da kanallarga tutash hududlarda sayilgohlar tashkil etish bo‘yicha joriy yilda rejalashtirilayotgan ishlarga to‘xtalib o‘tildi.

Xususan, bu yil kanallarning qirg‘oqlariga 30 kilometrdan ortiq uzunlikdagi muhofaza panjaralari o‘rnatiladi, 200 kilometrdan ziyod kanallar tozalanadi. Shuningdek, Yunusobod tumanidagi “Qoraqamish” kollektori hamda Botanika bog‘iga tutash hududdan o‘tgan “Salar” kanali yoqasida sayilgoh tashkil etilishi ko‘zda tutilmoqda.

Eshituv yakunida muhokama etilgan masalalar yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi.