O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Samarqand shahridagi Konfutsiy maydonini ko‘zdan kechirdi, deb xabar berdi Prezident matbuot xizmati.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezidentning avvalgi tashrifi chog‘ida berilgan topshiriqlarga muvofiq Samarqand davlat universiteti yonida buyuk mutafakkir Konfutsiy haykali o‘rnatildi. Haykal atrofidagi mo‘jaz maydonda qadimgi Xitoy an’analariga xos ayvonlar barpo etildi. Shu yerdagi to‘qqiz qavatli o‘quv va ma’muriy binoda qurilish ishlari amalga oshirilib, uning har bir qavati rivojlangan xorijiy mamlakatlarning nufuzli oliy ta’lim muassasalari andozalariga moslashtirildi.

Bu yerda xalqaro ta’lim dasturlari markazi tashkil etilmoqda. Unda Xitoy, Janubiy Koreya, Yaponiya, Hindiston va Yevropa Ittifoqi davlatlari universitetlaridagi eng yaxshi tajribalar o‘rganiladi.

Davlat rahbari markaz loyihasi bilan tanishib, mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi. Shuningdek, shu yerda Samarqandda turizmni rivojlantirish, kongress-xol va mehmonxonalar qurishga oid ko‘plab loyihalar namoyish etildi.

Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Samarqandda Konfutsiy instituti va “Ipak yo‘li” xalqaro turizm universiteti ochilgan.