Rossiyaning “Tatneft” neft kompaniyasi O‘zbekistonda avtomobillarga yoqilg‘i quyish stansiyalari tarmog‘ini ochishni rejalashtirmoqda. Bu haqda “Gazeta.uz” xabar berdi.

Foto: neonart.ru

“Tatneft” birinchi bosqichda Toshkent viloyatida yoqilg‘i quyish shahobchalarini ochishni rejalashtirgan.

“Tatneft” yoqilg‘ini o‘zi olib kiradi, O‘zbekistondan esa tayyor mahsulotlarni saqlash uchun rezervuarlarni ijaraga oladi.

Savdo-sanoat palatasi va Adliya vazirligi matbuot xizmatidan xabar berilishicha, Rossiya kompaniyasi 26-dekabr kuni Nurafshon shahrida o‘zining “Tatneft—AYoQSh—Toshkent” MChJ sho‘ba korxonasini ro‘yxatdan o‘tkazgan.

Viloyat hokimligi loyihani amalga oshirish martda boshlanishini ma’lum qildi. Dastlabki bosqichda Toshkent viloyati hududlarida 22 ta AYoQSh ochiladi.

“Tatneft” — neft va gaz qazib chiqarish, neftni qayta ishlash va neft-kimyo sanoati bilan shug‘ullanuvchi yirik neft xoldinglaridan biri sanaladi. Kompaniyaning Rossiya va boshqa mamlakatlarda 690 dan ortiq yoqilg‘i quyish shoxobchalari mavjud.