Sog‘liqni saqlash vazirligi “Respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari tomonidan tashxis qo‘yish va davolash sifati standartlariga rioya qilgan holda aholiga pulli asosda yuqori malakali ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatish qoidalariga o‘zgartirish kiritish to‘g‘risida” hukumat qarori loyihasini tayyorladi. Bu haqda Sputnik xabar bermoqda.

Foto: Sputnik

Qarorning maqsadi O‘zbekistondagi tibbiyot muassasalarida tibbiy turizm salohiyatini rivojlantirish, chet el fuqarolariga qulay sharoitlar yaratishdan iborat.

Loyihada Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 8-iyundagi 264-son qarori bilan tasdiqlangan Respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari tomonidan tashxis qo‘yish va davolash sifati standartlariga rioya qilgan holda aholiga pulli asosda yuqori malakali ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatish qoidalarining 20-bandini yangi tahrirda bayon etish taklif etilgan.

“Chet el fuqarolari ko‘rsatilgan tibbiy xizmatlar uchun haqni tasdiqlangan tariflardan oshirilgan miqdorlarda milliy valyuta — so‘mda to‘laydilar. Chet el fuqarolari uchun tariflarning oshirilgan miqdori Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan kelishilgan holda Markazlar tomonidan belgilanadi.

Bunda chet el fuqarolarini tibbiyot muassasasiga jalb qilgan yuridik shaxslarni rag‘batlantirish shartnomaga muvofiq ushbu mablag‘lar hisobidan amalga oshiriladi”, deyilgan qaror loyihasida.

Hujjat 26-yanvarga qadar muhokama qilinishi rejalashtirilgan.