Mudofaa vaziri, general-mayor Abdusalom Azizov “Xalq so‘zi-onlayn” nashriga mamlakat mudofaa doktrinasi yangilangani sabablariga izoh berdi.

Foto: “Xalq so‘zi-onlayn”

— 2018-yil 9-yanvarda Prezident Shavkat Mirziyoyev “O‘zbekiston Respublikasining Mudofaa doktrinasi to‘g‘risida”gi qonunni imzolagandi.

Ma’lumki, 1995-yil 30-avgustda O‘zbekiston Respublikasi Harbiy doktrinasi qabul qilingandi. 2003-yil 3-fevralda esa mamlakat Mudofaa doktrinasi muhokama qilindi va ma’qullandi. Demak, shu paytgacha mudofaa sohasidagi davlat siyosati asoslari, Qurolli Kuchlarning qurilishi, tayyorgarligi va qo‘llashga oid asosiy prinsiplar hamda yo‘nalishlarini tartibga soluvchi 2 ta doktrinal hujjat qabul qilingandi.

Jahon va mintaqadagi vaziyat, yuzaga kelayotgan xatar va tahdidlarga mos holda doktrinani qayta ishlab chiqish zarurati paydo bo‘ldi.

Globallashuv davom etayotgan va xalqaro munosabatlarning tizimi o‘zgarib borayotgan sharoitlarda jahondagi harbiy-siyosiy vaziyat xalqaro va mintaqaviy xavfsizlikka xavf-xatar hamda tahdidlar ko‘lami kengayib borayotganligi — geosiyosiy qarama-qarshilikning kuchayishi, mojarolar va tang vaziyatlarni kuch ishlatib hal etishga bo‘lgan yondashuvning ustunlik qilishi, kuch ishlatish, shu jumladan, ommaviy qirg‘in qurolini qo‘llash ehtimoli oshganligi, harbiylashtirish, xalqaro terrorizm va ekstremizm faollashganligi, axborot makoni va kibermakonda o‘zaro kurash kuchayganligi bilan tavsiflanadi.

Shuni ham unutmaslik kerakki, mintaqadagi vaziyatga xalqaro terrorizm, narkotrafik va transchegaraviy jinoyatlar soya solib turibdi.

Qolaversa, mamlakat mudofaa salohiyatini mustahkamlash, tashqi siyosatning moslashuvchanlik va ochiqligi, eng asosiysi, qo‘shni davlatlar bilan do‘stona va amaliy munosabatlarning rivojlanayotgani kabi muhim omillarga, suverenitet va hududiy yaxlitlikni ta’minlashdek ustuvor vazifalarga tayangan holda, mamlakat Mudofaa doktrinasi sifat jihatidan yangilandi. Shuni alohida ta’kidlash joizki, doktrina birinchi marta to‘liq ochiq e’lon qilindi. Bu esa O‘zbekiston mudofaa siyosati ochiqligining tasdig‘idir.