Prezident Shavkat Mirziyoyevning tavsiyasi Xalq deputatlari Samarqand viloyati kengashi tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Erkinjon Turdimov Samarqand viloyatining hokimi etib tasdiqlandi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: Prezident Matbuot xizmati

Davlat rahbari viloyat rahbarlari va faollari oldidagi dolzarb vazifalarni belgilab berdi.

- Viloyat iqtisodiyotini rivojlantirish, investitsiya jarayonini faollashtirib, yangi korxonalar qurish va ish o‘rinlarini ko‘paytirish eng muhim va ustuvor yo‘nalish hisoblanadi. O‘tgan yili viloyatda 448 ta obyekt ishga tushirilib, 8 ming 700 dan ortiq ish o‘rni yaratilgan. Lekin Samarqanddek katta salohiyatga ega hudud uchun bu yetarli emas, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shu maqsadda 2019—2020-yillarda amalga oshiriladigan 968 ta investitsiya loyihasi shakllantirilgani, xorijiy davlatlar bilan hamkorlikda yirik sanoat korxonalari tashkil etilishi ma’lum qilindi.

Samarqandning turizm salohiyatidan foydalanish, qishloq xo‘jaligini diversifikatsiya qilish, tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.