Bosh prokurutura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Romitan tuman bo‘limi tomonidan fuqaro G.X.ning arizasi yuzasidan tezkor tadbir o‘tkazildi. Tezkor tadbirda uch nafar valyutafurush jinoyat ustida qo‘lga olindi. Bu haqda Departamentning Buxoro viloyat boshqarmasi katta inspektori Nilufar Ahmedova “Daryo”ga xabar berdi.

Foto: Bosh prokuratura Departamentining Buxoro viloyat boshqarmasi

“Romitanlik fuqarolar D.A., Sh.A va A.K.lar o‘zaro jinoiy til biriktirib, bir AQSh dollarini 8440 so‘mdan hisoblab, jami 10 ming dollarni G.X.ga 84 400 000 so‘mga sotayotgan vaqtda ushlandi”, — deydi Nilufar Ahmedova.

10 ming dollar ashyoviy dalil sifatida olindi. Mazkur holat yuzasidan fuqarolar D.A, Sh.A va A.K.larga nisbatan O‘zbekiston JKning 177-moddasi (Valyuta qimmatliklarini qonunga xilof ravishda olish yoki o‘tkazish) 2-qismi “b” (ko‘p miqdorda) va “v” (bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan bo‘lsa) bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda. Valyutafurushlar eng kam oylik ish haqining 75 baravaridan 200 baravarigacha miqdorda jarima yoki 360 soatdan 480 soatgacha majburiy jamoat ishlari bilan jazolanishi mumkin.