O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi samimiy munosabat manfaatli aloqalarni mustahkamlashda asosiy omil bo‘lmoqda, deb yozadi O‘zA. Germaniyaliklar mamlakat tarixi va xalq an’ana va udumlariga katta qiziqish bilan qaraydi, hamyurtlar ham bu yurtning o‘tmishi va zamonaviy qiyofasiga befarq emaslar.

Foto: O‘zA

Yana bir e’tiborli jihat. Berlin, Drezden, Leypsig va Shtutgart shaharlaridagi muzeylarda o‘zbek san’ati kolleksiyalarining saqlanishi o‘zaro madaniy, ilmiy va adabiy yo‘nalishlardagi aloqalar yanada mustahkamlanayotganidan dalolatdir. Berlin etnologik muzeyida Buxoro amirligiga oid, Berlin davlat kutubxonasida Alisher Navoiy asarlari qo‘lyozmalari kabi noyob kolleksiyalar saqlanmoqda.

Berlin davlat kutubxonasi “Sharq” bo‘limi rahbari, doktor Kristofer Rauxning fikricha, bu yerdagi qo‘lyozmalarning ayrimlari o‘zbek klassik adiblari, olimlari yashagan va ijod qilgan hududlardan, ba’zilari esa bevosita O‘zbekistondan olib kelingan. Ular orasida XIX asrdan buyon kutubxonada saqlanayotgan Ulug‘bekning astronomik jadvallari ham bor. Ularda 38 yulduzlar turkumiga kiruvchi 1018 yulduz haqida ma’lumot berilgan.

– O‘zbekistonning amaliy-dekorativ san’ati merosi rang-barang va juda boy, – dedi “O‘zbekiston madaniy merosi dunyo to‘plamlarida“ loyihasining muallifi va videotalqini boshlovchisi Shahnoza G‘aniyeva. – Muayyan tarixiy sabablar tufayli uning muhim bir qismi mamlakatimizdan tashqarilarga chiqib ketgan. O‘zbek san’atining ajoyib kolleksiyalari Germaniyaning Berlin, Drezden va Leypsig muzeylarida saqlanmoqda. Masalan, Germaniyadagi eng ko‘p tashrif buyuriladigan Pergam muzeyida islom dunyosining asosiy reliktlari hisoblangan qo‘lyozma kitoblari va sharq tamadduni amaliy san’ati asarlarining qimmatbaho namunalari saqlanadi. Bu yerda Qadimiy Afrosiyob shahrining mashhur kulolchilik san’atiga oid noyob asarlarni ko‘rish mumkin.

O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, joriy yilning 15-yanvarida Berlinda “Buyuk ipak yo‘li merosi O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi ko‘prik vazifasini bajaradi“ mavzusida xalqaro ilmiy-madaniy forumi o‘tkaziladi. Forum ishtirokchilari Germaniya muzeylarida saqlanayotgan xalqimizning ana shunday nodir merosi bilan yanada batafsilroq tanishishga muvaffaq bo‘ladi. Shu jihatdan mazkur forumning tashkil etilishi O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasida do‘stlik rishtalarining yanada mustahkamlanishida tarixiy va muhim davrni boshlab beradi.