Fuqarolik sudlari 2018-yilda qarzdorlardan 283 milliard so‘mdan ortiq qarzdorlikni undirdi va 40 mingga yaqin oilani ajrashtirdi. Bu haqda Oliy sud ma’lumotlariga tayanib, “Podrobno.uz” xabar bermoqda.

Foto: “Podrobno.uz”

“2018-yil davomida fuqarolik sudlari tomonidan 217 324 ta ish ko‘rib chiqilgan, bu 2017-yilgidan 24,2 foizga kamroqdir. Shu davr mobaynida 283 milliard so‘mdan ortiq majburiy to‘lovlarni undirish bo‘yicha 236 030 ta sud buyrug‘i chiqarilgan. Mazkur ko‘rsatkichlar 2017-yil bilan taqqoslaganda 70,7 foiz va 39,1 foizga (tegishli ravishda) kamaygan”, — deya ta’kidlaydi Oliy sud rasmiy vakili Aziz Obidov.

Bundan tashqari, fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan nikohdan ajratish bo‘yicha 39 402 ta qaror, shartnomalar bilan bog‘liq mojarolar bo‘yicha ishlar yuzasidan 30 413 ta qaror, turar-joydan chiqarish bo‘yicha 1 709 ta qaror, ishga tiklash bo‘yicha 1 515 ta qaror va ota-onalik huquqidan mahrum etish to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha 1 208 ta qaror chiqarilgan.

Oliy sudning fuqarolik ishlari bo‘yicha sud kollegiyasi tomonidan 1 317 ta ish nazorat tartibida ko‘rib chiqilgan. Quyi sudlarning 541 ta qarori bekor qilingan, 112 ta sud qaroriga o‘zgartirish kiritilgan.