Iordaniya podshohi Abdulla II mamlakat terma jamoasining BAAda o‘tayotgan futbol bo‘yicha Osiyo Kubogidagi ishtirokini diqqat bilan kuzatayotgani ma’lum bo‘ldi.

Iordaniya terma jamoasi musobaqaning 1-turida amaldagi chempion Avstraliya ustidan g‘alabaga erishdi. Mazkur o‘yin vaqtida Iordaniya poytaxti Ammandagi kafelardan birida qiziq holat yuz berdi. Ko‘cha tozalovchisi mamlakat bosh jamoasining o‘yinini kafe tashqarisidan tomosha qilgan. Bu esa suratga muhrlangan. Ijtimoiy tarmoqlar tufayli surat ommalashib ketdi.

Bundan xabar topgan Iordaniya podshohi Abdulla II esa bugun o‘sha yigitni uyiga taklif qilib, Iordaniya—Suriya uchrashuvini birgalikda tomosha qildi, deb yozadi Alisher Nikimbayev o‘zining Telegram’dagi sahifasida.

Ma’lumot uchun, Iordaniya Suriya ustidan 2:0 hisobida g‘alaba qozonib, muddatidan avval, keyingi bosqichga chiqdi.

Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @daryo_sport’ga obuna bo‘ling!