Qatl etilgan Iroq rahbari Saddam Husaynning to‘ng‘ich qizi o‘zining Twitter’dagi sahifasida otasining o‘limi oldidan aytgan so‘zlari aks etgan maktubni joyladi. Bu haqda “Tengrinews” xabar berdi.

Foto: Reuters

Ushbu xat 2006-yilning 30-dekabr kuni amalga oshirilgan qatldan to‘rt kun oldin yozilgan.

“Mening oliyjanob xalqim, men seni va o‘z qalbimni Yaratganga ishonib topshiraman. Olloh buyukdir. U o‘ziga ishonganlarni himoya qiladi”, — deyiladi “Saddam Husayn, respublika prezidenti va qurolli kuchlarining oliy qo‘mondoni” deb imzo chekilgan maktubda. Ushbu maktub e’lon qilingach Saddam Husayn qizining akkaunti yo‘qoldi.

Saddam Husaynning qizi Rohat Iordaniyada yashaydi. Ushbu mamlakatga Rohat 2003-yilda AQSh Iroqqa kirib, uning otasi prezidentlik lavozimidan “yiqitilganidan” so‘ng ko‘chib o‘tgan.

Har yili 30-dekabr kuni u iroqliklarga xavfsizlik va barqarorlikni tiklashga chaqirilgan murojaat qiladi.

Bu yil ham Rohat o‘z murojaatida Iroq otasi hukmronligi davrida sharqiy darvozalarni ishonchli himoyachisi bo‘lganligini, shuningdek, hech kim mamlakat suverenitetiga tazyiq o‘tkaza olmaganini qayd etgan.

U Iroqda insoniy va ahloqiy qadriyatlar yo‘qolganini tanqid qildi. Shuningdek, Amerika bosqinini qoralab, AQShni Iroq xalqining qiynoqlarida aybdor deb atadi.