O‘zbekiston Moliya vazirligi aholining ijtimoiy zaif qatlamlari uchun mo‘ljallangan paxta yog‘i va to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar orqali sotiluvchi davlat strategik zaxirasini shakllantirish, shuningdek sheluxa va paxta urug‘i shroti narxlarini davlat tomonidan tartibga solinishini bekor qilishni taklif qildi. Vazirlar Mahkamasining bu haqdagi qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun chop etildi, deb yozadi “Gazeta.uz”.
Noyabr oyidan boshlab, prezident qaroriga muvofiq, g‘o‘zaning texnik urug‘lari ularni qayta ishlash quvvatiga ega bo‘lgan istalgan mahalliy korxona tomonidan birja savdolari orqali sotilmoqda. Sheluxa va shrot birjada erkin sotila boshlandi.
Moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov Oliy Majlis Senatidagi 13-dekabr kungi chiqishida nima sababdan g‘o‘za urug‘ini birja orqali sotishga erishilmaganligiga aniqlik kiritdi.
“G‘o‘za urug‘i narxlarini keskin oshirdik, shuningdek, sheluxa va g‘o‘za urug‘i shrotini birjada sotish orqali liberalizatsiyani boshladik. Biroq sheluxa va shrot narxlariga qarasak, ular o‘rtasidagi marja juda katta, ya’ni zavodlar birja orqali rasman sotmoqda, xaridor korxonalar esa boshqa narxlarda olmoqda. Farq 100 foizgacha yetmoqda”, — dedi moliya vaziri.
Izoh (0)