Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi mobil telefonlar va mobil aloqa moduliga ega qurilmalarni ro‘yxatdan o‘tkazish majburiyatini yuklaydigan hukumat qarori loyihasini taqdim etdi. Bu haqda “Podrobno.uz” xabar bermoqda.

Foto: Trend

Qaror loyihasiga ko‘ra, barcha foydalanilayotgan, olib kirilayotgan, sotilayotgan va ishlab chiqarilayotgan mobil telefonlar hamda mobil aloqa modulli qurilmalar (noutbuklar, planshetlar, modemlar, bankomatlar, aqlli soatlar va hokazo) ro‘yxatdan o‘tkaziladi.

Bu bilan vazirlik huzuridagi mobil qurilmalar IMEI kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazish markazi shug‘ullanadi. Jismoniy shaxs buning uchun ariza va pasport nusxasini taqdim etadi (shaxsan murojaat qilganda).

Olib kirilayotgan mobil qurilmalarni ro‘yxatdan o‘tkazish pullik asosda amalga oshiriladi. Jismoniy shaxs bitta qurilma uchun eng kam ish haqining 10, yuridik shaxs 5 foizini to‘laydi.

Mazkur tartib kuchga kirgunga qadar ishlatilayotgan mobil qurimalar bepul ro‘yxatdan o‘tkazilishi ko‘zda tutilmoqda.