Jinoyat ishlari bo‘yicha Olmazor tuman sudining sudyasi Mirziyod Abidov joriy yilning 6-oktabr kuni taxminan soat ertalabki 04:40 da Olmazor tumani Farobiy ko‘chasida joylashgan “Nihol” tungi klubi yaqinida ikki yigitga pichoq bilan zarba bergan qizga hukm o‘qidi. Bu haqda Sevimli TV telekanalining Zamon dasturiga asoslanib, UzNews xabar berdi.

Foto: UzNews

Sudlanuvchining so‘zlariga ko‘ra, janjal erkaklarning biri uning onasining oyog‘iga tepganidan keyin sodir bo‘lgan. N.Sh. javoban Abdulla Yunusovning ko‘krak qismiga pichoq bilan zarba bergan. Bundan tashqari, ularni ajratmoqchi bo‘lgan Sirojiddin Zufarovni ham pichoq bilan jarohatlagan.

N.Sh. qo‘lga olingan bo‘lib, mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Sudya Mirziyod Abidovning hukmiga ko‘ra, 19 yoshli N.Sh. O‘zbekiston Respublikasi jinoyat kodeksining 104-moddasi 2-qismi “ye” bandi (qasddan badanga og‘ir zarar yetkazish) va 277-moddasi 3-qismi “g” (bezorilik) bandi bilan aybdor deb topilgan.

Unga 5 yil muddatga ozodlikni cheklash ko‘rinishidagi jazo tayinlangan.