19-dekabrda “Moddiy madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzurida Madaniy meros departamenti tashkil etildi.

Foto: O‘zbekiston Madaniyat vazirligi

Qonunda yozilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi muzeylar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi idoralararo kengash hamda Madaniy va arxeologiya merosi obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish masalalarini muvofiqlashtirish bo‘yicha Hukumat komissiyasi tugatiladi va ularning vazifa va funksiyalari Departamentga yuklanadi.

Departament qoshida tarix, me’morchilik, moddiy madaniy meros sohasida ilmiy, amaliy tajribaga ega bo‘lgan 11 nafar olim va yuqori malakali mutaxassislardan iborat Ilmiy-ekspert kengash tuziladi.

Shuningdek, Departamentning budjetdan tashqari Madaniy meros jamg‘armasi tashkil etiladi.

Departamentning asosiy vazifalari sirasiga moddiy madaniy meros, shu jumladan, arxeologiya merosi obyektlari, muzey ashyolari va kolleksiyalari hamda madaniy boyliklarni muhofaza qilish va ulardan foydalanishga oid qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirish kabi vazifalar kiritilgan.