8-dekabr Vazirlar Mahkamasi “Boshlang‘ich ta’limga bolalarni majburiy 1 yillik tayyorlovga bosqichma-bosqich o‘tish choralari haqida”gi qarori tasdiqlandi. Yangi qarorga ko‘ra, o‘qitishda innovatsion pedagogik texnologiyalar, samarali uslub va metodlar qo‘llaniladi. Bu haqda Maktabgacha ta’lim vazirligi matbuot xizmati “Daryo”ga ma’lum qildi.
Bundan avval, bolalarni maktabga majburiy tayyorlash bo‘yicha eksperemental loyiha Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Farg‘ona viloyati va Toshkent shahrida amalga oshirilgandi. Guruhlar maktabgacha ta’lim muassasalariga bormaydigan bolalardan tarkib topdi.
Vazirlik bepul 1 yillik tayyorlov dasturining Qarori jahon amaliyoti asosida qabul qilingani hamda bu amaliyoti qo‘llanilgan mamlakatlar yuqori malakali inson resusrlari hisobiga iqtisodiy rivojlanishda peshqadamlik qilayotganini alohida qayd etdi.
Tajriba guruhlariga o‘quv tarbiya jarayonini tashkil qilish uchun o‘quv-metodik materiallar va kerakli adabiyot, rivojlantiruvchi o‘yinlar va o‘yinchoqlar, bolalar va sport inventarlari bilan jihozlangan alohida xonalar ajratildi. Ota-onalar kurs tashkil etilgan muassasadan majburiy 1 yillik tayyorlov dasturi bo‘yicha hujjatlari bilan tanishish uchun olishlari mumkin.
Tajriba guruhlari uchun 2018–2019 o‘quv yili 2018-yilning 10-dekabrida boshlanib, 2019-yilning 10-avgustida tugaydi. Ovqatlanishni majburiy tashkil qilish nazarda tutilmagan.
Kurs yakunidan so‘ng bolalarga boshlang‘ich ta’limning majburiy yillik tayyorlovidan o‘tganlari haqidagi davlat namunasidagi sertifikat beriladi. Guruhda tarbiyalanuvchilar soni 30dan ko‘p oshmaydi.
Izoh (0)