14-dekabrning asosiy yangiliklari — “Daryo” dayjestida.

Foto: UZ24

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, taniqli so‘z ustasi Obid Asomov 14-dekabr kuni Toshkentdagi 1-shahar klinik shifoxonasida vafot etdi. U 55 yoshda edi. Bir necha kun muqaddam Obid Asomov yurak xuruji bilan kasalxonaga yotqizilgani haqida xabarlar berilgan edi. Marhum Obid Asomov 15-dekabr kuni “Kamolon” qabristonida dafn etiladi.

***

14-dekabr kuni taxminan soat 10:00 da Namanganda qattiq gumburlash ovozi eshitilgan. Kuchli zarbdan deraza oynalari ham larzaga kelgan. Bu kabi holat 6-dekabr kuni ham kuzatilgandi. O‘shanda avvaliga Mingbuloq neft konida portlash yuz bergani xabar qilindi, keyin esa rasmiylar bu xabarni rad etib, hududda hech qanday portlash sodir bo‘lmaganini ta’kidlashdi.

***

Ishga qabul qilishda endilikda propiska talab qilinmaydi. Bu haqda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks va Mehnat kodeksiga tegishli o‘zgartirishlar kiritildi.

Xususan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksdan vaqtincha yoki doimiy propiskasiz yashab turgan fuqarolarni ishga qabul qilganlik uchun ish beruvchini ma’muriy javobgarlikka tortishga asos bo‘luvchi 223-2-modda chiqarib tashlandi.

Xuddi shunday, Mehnat kodeksidan ham ishga kirayotgan shaxs vaqtincha yoki doimiy propiskasiz yoxud turgan joyi bo‘yicha hisobda turmagan bo‘lsa ishga qabul qilishni rad etish mumkinligi haqidagi qoida chiqarib tashlandi.

***

14-dekabr kuni ham Prezident Shavkat Mirziyoyevning Qashqadaryo viloyatiga tashrifi davom etdi. Tashrif davomida Shahrisabz shahri, Qamashi, Koson va Yakkabog‘ tumanlari hokimlari o‘zgardi. Shavkat Mirziyoyev 14-dekabr kuni Qarshi shahrida Birinchi Prezident Islom Karimov haykali poyiga gul qo‘yib, uning xotirasiga hurmat bajo keltirdi. Prezident Qarshi shahrida barpo etilgan “Vatanparvarlar” bog‘ini borib ko‘rdi. Shuningdek, Qarshi shahridagi yangi suv sporti majmuasi bilan tanishdi.

***

Namangan shahrining Islom Karimov va Irrigator ko‘chalari chorrahasiga yangi namunadagi svetofor qurilmasi o‘rnatildi. Ushbu qurilmaning o‘ziga xosligi shundaki, svetoforning chiroqlari rangiga qarab svetofor arkasi ham shu rangda yonadi. Bu haydovchilar e’tiborini jalb etib, hushyorligini oshirib, svetofor ishorasiga amal qilmasdan o‘tish ehtimolini kamaytiradi va harakat xavfsizligini ta’minlashga xizmat qiladi.