Sputnik muxbiri Rossiya osmonidagi 9 soatlik parvoz davomida vafot etishiga bir bahya qolgan o‘zbekistonlik ayolni qutqarib qolgan shifokor bilan bog‘landi.
Hodisa 10-dekabr kuni Petropavlovsk—Kamchatka—Moskva reysini bajarayotgan samolyotda yuz berdi. Shu reys bilan parvoz qilayotgan shifokorning professional harakatlari tufayli ayolni shifokorlarga topshirishga erishildi.
Kamchatka halokatlar tibbiyoti markazi shifokori Aleksandr Anatolyevich Prosin Moskvaga xizmat safariga uchayotgan edi. Samolyot komandiri yo‘lovchilardan biriga yordam kerakligini e’lon qilganda, Aleksandr yordamga shoshildi.
U ayolni ko‘zdan kechirib, uning yonidagi hujjatlarni o‘rganib chiqqanda, ayol hayotiga xavf soluvchi vaziyatda (ichki qon ketish) ekanligi aniqlandi. Bunday vaziyatda shoshilinch jarrohlik aralashuvi talab etiladi.
“Samolyotni zudlik bilan yaqinroq joylashgan aeroportga qo‘ndirish zarur edi. Havoda qo‘limdan kelgani — dori qutisidagi dori vositalaridan foydalanib, og‘riqsizlantiruvchi vosita qilish va uning ahvolini kuzatish bo‘ldi”, — deydi shifokor. U ekipaj komandiriga ayolning ahvoli juda yomonligi va samolyotni shoshilinch qo‘ndirish kerakligini tushuntirgan.
Yerda bemorni “Tez yordam” jamoasi kutib olib, u shifoxonaga yetkazilgan.
Izoh (0)