Amerika olimlari federatsiyasi tadqiqotchisi Mett Korda Turkiya va Isroilning harbiy bazalariga bag‘ishlangan materialni e’lon qildi. Tadqiqotchining aniqlashicha, agar Google Earth va “Yandeks.Xaritalar” xaritalari solishtirilsa, bo‘yalgan hududlar tufayli maxfiy harbiy obyektlar joylashgan joylarni aniqlash mumkin. Bu haqda TJournal xabar berdi.

Foto:TJournal

Kordaning so‘zlariga ko‘ra, “Yandeks.Xaritalar” faqat ikki mamlakat — Isroil va Turkiyadagi obyektlarni bo‘yaydi. Shu jumladan, harbiy aerodromlar, o‘q-dori saqlanadigan bunkerlar va shaharlardagi bir nechta binolar — jami taxminan 300 ta inshoot. Shundan kelib chiqib, tadqiqotchining xulosa qilishicha, “Yandeks” mazkur ikki mamlakat hukumatlari bilan harbiy obyektlarni yashirishga kelishib olgan.

“Yandeks” tomonidan ma’lum qilinishicha, Isroil xaritasi mazkur davlatning rasmiy xaritasiga mos keladi. Unda “maxfiy obyektlar” bo‘yalgan holda ko‘rsatilgan va bundan barcha boxabar bo‘lishi mumkin. Turkiya va Isroilda xizmat xaritalarni mahalliy standartlarga moslashtiradi.