Karimov Fondining chet elda tahsil olish imkonini beruvchi grantlar tanlovining uchinchi saralash bosqichi bo‘lib o‘tmoqda. Bu haqda Karimov Fondi matbuot xizmati xabar berdi.
Imtihon hay’ati O‘zbekiston oliy o‘quv yurtlari professor-o‘qituvchilaridan tarkib topgan. Tanlov Karimov Fondi grantlar tanlovining uchinchisi bo‘lib, uning g‘oliblari Yevropaning yetakchi oliygohlarida magistratura dasturi bo‘yicha ikki yil ta’lim olish imkoniga ega bo‘ladi.
So‘nggi ikki yil mobaynida Karimov Fondi grantlariga o‘zbekistonlik 22 nafar yigit va qiz ega bo‘ldi. Bugungi kunda ular Angalt amaliy fanlar universiteti, Duysburg Essen, Rur va Frayburg universitetlari, Moskva me’morchilik maktabi, Turin politexnika universiteti, Zigen universiteti, Reyn-Vaal amaliy fanlar universiteti, Kyoln texnika universiteti, N.N.Vorojsov nomidagi Novosibirsk organik kimyo instituti, Praga kolleji, Veymardagi Bauxauz universiteti, Poznandagi San’at universitetida tahsil olmoqda.