Google ayrim foydalanuvchilarning shaxsiy ma’lumotlariga begonalar yo‘l topishi mumkin bo‘lgan xatoni aniqladi va bartaraf etdi. Bu haqda “RBK” xabar berdi.

Foto: Reuters

Xato sababli Google+ ijtimoiy tarmog‘ida 52,5 million foydalanuvchi jabrlandi. Xato noyabrda xarid qilingan dasturiy ta’minot sabab yuz bergan, dasturchilar xatoni bir hafta ichida bartaraf etishga muvaffaq bo‘ldi. Qayd etilishicha, begona dastur foydalanuvchilarning ismi, yoshi, faoliyat turi va elektron pochta manzilini so‘ragan bo‘lishi mumkin.

Biroq dastur firibgarlar foydalanishi mumkin bo‘lgan moliyaviy ma’lumotlar, pasport raqami, parol va boshqalarni so‘ramagan. So‘rov profilini ommaviy e’tibordan yashirib qo‘ygan foydalanuvchilardan ham amalga oshirildi. Google’ning qayd etishicha, uchinchi shaxslar tomonidan kimningdir shaxsiy ma’lumotlaridan foydalanganlik holati aniqlanmagan.

Oktabrda kompaniya ijtimoiy tarmoqdagi faoliyatini 2019-yilning avgustida to‘xtatishni rejalashtirgandi, ammo noyabrda yuz bergan vaqea sabab aprelda yopiladigan bo‘ldi.