Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi havo sharlarini xarid qilishdan oldin ularning sog‘liq uchun xavfsizligiga va geliy bilan to‘ldirilganligiga ishonch hosil qilishga chaqirdi.

Foto: IIBB

“Ma’lumki, bugungi kunda ko‘plab bayramlarda havo sharlaridan foydalaniladi. Tug‘ilgan kun, yangi do‘kon yoki ofislarning ochilish marosimlarini bezash uchun turli xil havo sharlari ishlatilishi odat tusiga kirib qoldi.

Ammo bu kabi havo sharlarini xarid qilishdan oldin albatta ularning sog‘liq uchun xavfsizligiga va geliy bilan to‘ldirilganligiga ishonch hosil qilish zarur.

Sababi, ba’zi bir insofsiz sotuvchilar yoqilg‘i gazi bilan to‘ldirilgan sharlarni sotishmoqda. Bunday sharlar inson sog‘lig‘iga va hayotiga xavf tug‘dirishi barchaga ayon. Kichik bir uchqun sababli ham bu kabi sharlar portlab, ichidagi gaz yonib ketadi. Natijada inson sog‘lig‘iga jiddiy zarar yetib, tanasi kuyish mumkin”, — deyiladi xabarda.

Misol tariqasida joriy yilning noyabr oyida Uchtepa tumanida yuz bergan hodisa kelitirib o‘tildi. “Chiroqchi” kafesida tug‘ilgan kun nishonlash jarayonida yonib turgan shamli tort oldida tabiiy gaz bilan to‘ldirilgan shar portladi. Natijada to‘rt nafar qizlarning yuz va qo‘llarida turli darajadagi kuyish izlari qolgan. Tibbiy yordam uchun ular RShTYoIMga yuborildi.