Telia Company shved-fin kompaniyasi AQSh Adliya vazirligini o‘zining Ucell’dagi barcha ulushini sotgani va O‘zbekiston bozorini tark etgani haqida xabardor qilgan, deb yozmoqda “Podrobno.uz”.

Foto: “Podrobno.uz”

5-dekabr kuni Telia Company Coscom kompaniyasining aksiyalaridagi barcha ulushini 215 million dollar evaziga O‘zbekiston Davlat raqobat qo‘mitasiga sotganini ma’lum qilgan edi.

Ma’lumot uchun, 2014-yilda AQSh Adliya vazirligi O‘zbekiston telekommunikatsion bozoridagi korrupsiya holatlari bo‘yicha MTS, VEON (shu jumladan rossiyaning VimpelCom kompaniyasi) hamda Telia Company AB (avvalgi nomi TeliaSonera)larga qarshi tergov boshlagan edi. Bunga sabab esa, uchala aloqa operatorining aksiyalari AQSh birjalarida savdoda bo‘lganligi qilib ko‘rsatilgandi.

O‘zbekiston bozoriga chiqish uchun aloqa kompaniyalari “qora” sxemalar yordamida 2006-yildan 2011-yilning oktabr oyigacha pora berib kelishgan.

2016-yilda VimpelCom o‘z faoliyati ustidan ochilgan jinoyat ishlari yopilishi uchun AQSh va Niderlandiya nazorat idoralariga 795 million AQSh dollari miqdorida jarima to‘lashga rozi bo‘lgan.

Ma’lumot uchun, Coscom kompaniyasida 1250 nafarga yaqin xodim ishlab kelmoqda. Abonentlar soni 7,1 million atrofida. Kompaniya yangi 2G tarmog‘i mamlakatning 97%ni, 3G tarmog‘i esa 60% ni qamrab olgan.

Ucell mobil operatoriga UzMobile milliy mobil aloqa operatorining sobiq bosh direktori Vladimir Kravchenko bosh direktor qilib tayinlangan.