Namangan viloyatining Norin tumanida joriy yilning 11 oyi davomida 11 kishining o‘limiga sababchi bo‘lgan 11 ta yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. 24 ta holatda 27 kishi tan jarohati oldi. Bu haqda “Daryo” muxbiri xabar bermoqda.

Foto: Norin tuman IIB

O‘tgan yilning 11 oyida 7 kishi YTH oqibatida hayotdan ko‘z yumgan, 24 kishi yaralangandi.

Tuman IIB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Murod Hakimovning aytishicha, tahlillar YTHlar ortishiga yo‘llar torligi (tumanda yo‘lning keng qismi 16, tor qismi 9 metrni tashkil etadi), qatnov qismining kuz-qish mavsumida tuman qoplashi, yoritgichlar bilan jihozlanmaganligi, shu tufayli ajratuvchi chiziqlar ko‘rinmasligi asosiy omillar ekanligini ko‘rsatmoqda.

Foto: Norin tuman IIB

—Norin IIB tashabbusi bilan tuman yo‘llardan foydalanish korxonasi bilan hamkorlikda “Mingbuloq-Ruat-konstruktor” MChJ tomonidan tarkibida 850 kilogramm oq bo‘yoqqa 250 kilogramm fosfor kukuni bo‘lganaralashma tayyorlandi. Buning uchun 60 million so‘m sarflandi. Shu tariqa 24 kilometr masofaga tunda nur qaytaruvchi uzuq va uzluksiz chiziqlar chizildi, — deydi Murod Hakimov.

Foto: Norin tuman IIB

Tuman yo‘llardan foydalanish korxonasi direktori Alisher Matkarimovga ko‘ra, bundan ko‘zlangan asosiy maqsad qish mavsumida transport vositalari harakatlanishi va yo‘lovchilar xavfsizligini ta’minlash, yo‘l-transport hodisalarini kamaytirishdir. Kelgusida mazkur yo‘llarga chiroqlar o‘rnatish, yo‘lning qatnov qismini kengaytirish hamda fotorodar moslamasi bilan jihozlash rejalashtirilgan.