Qurolli Kuchlar davlat muzeyida Xavfsizlik kengashining 28-noyabrdagi kengaytirilgan yig‘ilishida O‘zbekiston Prezidenti tomonidan harbiy xizmatchilarning ma’naviy-ma’rifiy saviyasini oshirish yo‘lida qo‘yilgan vazifalarning ijrosiga qaratilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda Mudofaa vazirligi rahbariyati, bastakorlar, kino, madaniyat va san’at namoyondalari, rassomlar hamda ijodkorlar ishtirok etdi.

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

O‘zbekiston mudofaa vazirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari polkovnik Azizbek Ikramov raisligida o‘tgan bugungi uchrashuvda ushbu vazifalar ijrosi va yosh-avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash borasida kelgusida amalga oshiriladigan ishlar rejalashtirib olindi.

“Biz birinchi navbatda harbiy xizmatchilarimizning ma’naviy saviyasini oshirishimiz kerak. Prezidentimiz ham bekorga “Temur tuzuklari”gni chuqurroq o‘rganishga e’tibor qaratishimiz lozimligini ta’kidlamadilar. Har bir harbiy xizmatchi bu kitobga yozilgan tariximiz, harbiy san’at va strategiya haqida ma’lumotlarni bilishi lozim. Biz esa buning uchun hamkorlikda ishlashimiz kerak. Endilikda barcha ishlar qog‘ozda qolib ketmaydi. Mudofaa vazirligi tomondan nimaiki yordam kerak bo‘lsa, doim tayyormiz”, — dedi Azizbek Ikramov.

Shuningdek, yig‘ilish davomida harbiy-vatanparvarlik ruhidagi filmlar, multfilmlar, saf qo‘shiqlari, marshlarni yaratish lozimligi alohida qayd etib o‘tildi. Vatanparvarlik mavzusidagi respublika qo‘shiqlar tanlovini o‘tkazish, keyinchalik ushbu qo‘shiqlar to‘plamini chop etib, barcha harbiy qismlarga yetkazish taklifi bildirildi.

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

“Saf qo‘shiqlarimiz juda eskirib ketgan. Necha yillardan buyon o‘zgarmay keladi. Biz Mudofaa vazirligi, Yozuvchilar uyushmasi, Kasaba uyushmalari federatsiyasi hamda O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi bilan birgalikda ularni yangilash, kerak bo‘lsa askarlarimizning jangovarligini oshirishga xizmat qiladigan kuylarni yaratishimiz kerak”, — deydi O‘zbekiston bastakorlar uyushmasi raisi Rustam Abdullayev.

Yig‘ilish yakunida hamkorlikdagi ishlarni yanada rivojlantirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish va uni takomillashtirish to‘g‘risida barcha tomonlar o‘z takliflarini bildirishi haqida kelishib olindi.