6-dekabr kuni soat 12:00 larda Namangan shahri va Mingbuloq, To‘raqo‘rg‘on, Uychi hamda Chortoq tumanlarida kuchli gumburlash ovozlari eshitilgan, deb yozadi Turon24.

Foto: Turon24

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan Namangandagi avtomobillarga gaz quyish shoxobchalaridan birida portlash sodir bo‘lgani haqidagi xabarlar o‘z tasdig‘ini topmadi. Aksincha, gumburlash ovozlari Mingbuloqda neft qidirish ishlari bilan bog‘liq ekani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda Namangan shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati raisi Husanboy Aliyev ma’lum qildi.

– Avtomobillarga gaz quyish shoxobchalaridagi narxlar borasida doimiy monitoring yuritayotganimiz uchun bu xabarga oydinlik kiritish qiyinchilik tug‘dirmadi. Mingbuloq tumanida burg‘ulash ishlari olib borilayotgan hududda portlash ro‘y bergani haqidagi taxminimiz to‘g‘ri chiqdi. Ishchi guruh bilan birgalikda ushbu tumanga borib, voqea joyini kuzatish natijasida haqiqatan ham neft sizib chiqqanligi aniqlandi. Mutasaddilar suhbat davomida mazkur hududdan neft chiqqanini tasdiqlab, tegishli ishlar olib borilayotganini ta’kidladi. Biroq hozir qancha miqdorda neft chiqqani va ko‘lami haqida rasmiy ma’lumot olishning imkoni bo‘lmadi, – deydi Husanboy Aliyev.

Tuman hokimligi qabulxonasidagi ismini ochiqlashni istamagan manba ham buni tasdiqladi va mazkur holat tumanning Chordona mahallasi hududida ro‘y berganini bildirdi. Ayni vaqtda hudud xavfsizlik nuqtai nazaridan o‘rab olingan va fuqarolar kirishi cheklangan.

“Mingbuloqneft” O‘zbekiston-Xitoy qo‘shma korxonasi tomonidan amalga oshirilayotgan “Mingbuloq konida qidiruv va qazib olish” loyihasi doirasida 4 ta qidiruv-burg‘ulash qudug‘i ishga tushiriladi va 4 ta mavjud quduq kapital ta’mirlanadi. Bosh pudratchi – Xibu Duolling Engineering kompaniyasi burg‘ulash maydoni va vaxta qarorgohidagi tayyorgarlik ishlarini yakuniga yetkazgan. M15 qidiruv qudug‘i ishga tushirilgan. Quduqda burg‘ulash ishlari katta – 6 ming metrgacha chuqurlik, anomal bosim – 1200 atmosfera bosimi va kollektorlarning geologik murakkab tuzilishi sharoitida olib borilishi eng zamonaviy muhandislik yechimlarini taqozo etadi.

25 yilga mo‘ljallangan va umumiy qiymati 255 million dollardan ortiq bo‘lgan ushbu loyiha natijasida Mingbuloq neft konidan yiliga 200 ming tonna suyuq uglevodorod qazib olish rejalashtirilgan.