Toshkentda bo‘lib o‘tayotgan PROlogue – 2018 xalqaro kinofestivali doirasida Yoshlar ijod saroyida Rossiyaning yetakchi kinoarbobi, rejissor, aktyor, ssenariynavis va prodyuser Vladimir Menshov bilan ijodiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb yozadi O‘zA.
1939-yilda Boku shahrida tug‘ilgan V.Menshov kinoning maftunkor va zahmatli dunyosi oldida katta va sermashaqqat yo‘lni bosib o‘tdi. Dastlab Moskva badiiy akademik teatri qoshidagi V.Nemirovich-Danchenko nomli maktab-studiyani, so‘ngra Butunittifoq kinematografiya institutining rejissorlik kafedrasida aspiranturani tamomlagan. Uning aktyorlik tarjimai holida 70 dan ortiq rol mavjud. Vladimir Valentinovichning, ayniqsa, “Nofelet qayerda?”, “Buzoq yili”, “General”, “Diversant. Urush oxiri”, “Likvidatsiya” kabi filmlardagi rollari tomoshabinlar qalbidan joy olgan.
1979-yilda uning rejissor sifatida tasvirga olgan “Moskva ko‘z yoshlarga ishonmaydi” kartinasi 1981-yilda jahon kino olamidagi eng nufuzli Oskar mukofotiga munosib topilgan. Oddiy odamlar hayoti, muammolari, qiyinchiliklarni munosib yengib o‘tishi haqida so‘zlovchi ushbu film o‘z vaqtida prokat bo‘yicha eng yetakchi kartina sanalib, uni 90 million tomoshabin ko‘rgan. Manbalarda qayd etilishicha, o‘z davrida AQSh prezidenti Ronald Reygan M.Gorbachev bilan uchrashishidan avval “Moskva ko‘z yoshlarga ishonmaydi” filmini sakkiz marta tomosha qilgan ekan.
Shuni ta’kidlash joizki, V.Menshov O‘zbekistonda o‘tkaziluvchi xalqaro kinofestivallarning doimiy va sevimli mehmoni.
Kinofestivalning navbatdagi kunida “Kinematograf va yoshlar” mavzusidagi anjuman, to‘liq metrajli filmlar xalqaro tanlovi, rossiyalik mohir operator Sergey Astaxov ishtirokida mahorat darsi ham bo‘lib o‘tdi.