2018-yilning 15-noyabr kuni holatiga ko‘ra, savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish sohasida kreditlash faoliyati 2 barobarga oshdi va 9,9 trillion so‘mni tashkil etdi. Bu haqda O‘zbekiston Markaziy banki ma’lumotida keltirilgan, deb yozadi “Turon24”.
Savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish sohasiga kredit ajratilishining asosiy sababi – mamlakatda tadbirkorlik faoliyatini yanada qo‘llab-quvvatlashga e’tibor qaratilayotganidir.
2018-yilning 1-noyabr holatiga ko‘ra, O‘zbekiston tijorat banklari tomonidan umumiy ajratilgan kreditlar hajmi 155,9 trillion so‘mni tashkil etdi.
Shundan eng ko‘p kredit ajratilgan soha — sanoat sohasi hisoblanadi. Mazkur sohaga 60,6 trillion so‘m kredit ajratilgan bo‘lib, bu umumiy ajratilgan kreditlar hajmining salkam 40 foizini tashkil etadi.
Qishloq xo‘jaligiga ajratilgan kreditlar hajmi o‘tgan yilning ayni shu davriga nisbatan 70 foizga oshib, 7,9 trillion so‘mni tashkil etgan.
Bundan tashqari, joriy yilning 10 oyi mobaynida jismoniy shaxslar olgan kredit hajmi umumiy ajratilgan kredit hajmining 14,7 foizini tashkil etadi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning ayni shu davri bilan solishtirilganda 65 foizga o‘sishni ko‘rsatadi.
Izoh (0)