Chexiya Respublikasi Parlamenti Deputatlar palatasi raisining o‘rinbosari Filip Voytex boshchiligidagi biznes-delegatsiya O‘zbekistonda bo‘lib turibdi, deb yozadi O‘zA.
Tashrif doirasida bugun, 28-noyabr kuni Toshkentda O‘zbekiston—Chexiya biznes forumi va kooperatsion birjasi tashkil etildi. Unda Chexiyaning qurilish, energetika, farmatsevtika, injiniring, konsultativ xizmatlar, sanoat sohalarida faoliyat olib boruvchi 20 ga yaqin kompaniyasi vakillari va O‘zbekistonning 60 dan ziyod tadbirkori ishtirok etdi.
Tadbirda so‘zga chiqqan Chexiya Respublikasining Sanoat va savdo vazirligi departamenti direktori Martin Pospishil mamlakatlar savdo munosabatlarida tomonlar e’tibor qaratishi lozim bo‘lgan muhim masalani tilga oldi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston—Chexiya savdo aylanmasi ko‘rsatkichlari unchalik xavotirli emas. Haqiqiy xavotir eksport-import mahsulotlarining xilma-xil emasligida.
“Misol uchun, O‘zbekiston eksportining 85 foizi paxtaga konsentratsiyalangan. Chexiya eksportining 50 foizdan ziyodroq ulushi sanoat uskunalari va elektronika tovarlariga to‘g‘ri keladi. Bu esa O‘zbekiston—Chexiya savdo aylanmasidagi vaziyat muammoli degani. Chunki sizning paxtangiz va bizning mashinasozligimiz bilan nimadir yuz bergudek bo‘lsa, ertaga nimani eksport qilamiz? Shunday ekan, mamlakatlarimiz biznes vakillari import-eksportda yangi tarmoqlarni ham ishga solishni o‘ylasa, yaxshi bo‘lardi”, — dedi M.Pospishil.
Forumda taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan yillarda O‘zbekiston va Chexiya o‘rtasidagi savdo aylanmasi ko‘rsatkichlari barqaror bo‘lmagan. Faqat so‘nggi ikki yil ichida import-eksport barqarorlashib, o‘sishda davom etmoqda. Masalan, 2017-yilda o‘rtadagi savdo aylanma 75 million dollarni tashkil etgan bo‘lsa, joriy yilning o‘tgan 9 oyi davomida bu ko‘rsatkich 60 million dollarga yaqinlashgan.
Izoh (0)