Samarqandda qurilgan, qurilayotgan ko‘pqavatli uylar buzilayotgani, bunga asos qilib YuNЕSKOdek juda nufuzli xalqaro tashkilot hujjatlari pesh qilinayotgani ko‘plab e’tirozlarga sabab bo‘lmoqda, deb yozadi O‘zA.
“Madaniyat vazirligi madaniy meros obyektlari (MMO)ni muhofaza qilish va ulardan foydalanish ilmiy ishlab chiqarish bosh boshqarmasining Samarqand va Jizzax viloyatlari bo‘yicha mintaqalararo davlat inspeksiyasi” bugun o‘zining hech qanday qonun bilan asoslanmagan qarorlari bilan Samarqandni o‘z mulki qilib oldi. Inspeksiya o‘zi istagan bino — masjid, maqbara, zamonaviy choyxona va oshxonalarni ham MMO deya e’lon qilib, ularni davlat muhofazasiga olinishi shartligi to‘g‘risida hokimiyatlarga tavsiyalar kiritmoqda va viloyat va shahar hokimlari ular istagan qarorni chiqarib bermoqda. Albatta, MMO deb tan olingan bino alohida martabaga ega bo‘ladi, muhofazaga olinadi, unga tegilmaydi, eng muhimi, bu bino va unda faoliyat olib borayotgan ishbilarmonlar soliq to‘lamaydi.
Samarqandda Inspeksiya shunchalik nufuzga ega bo‘ldiki, biror uy qurilishi uchun qurilish firmalari rahbarlari endi, eng avvalo, shu idora ruxsatini oladigan, shusiz hokimlar qaror chiqarmaydigan bo‘ldi.
Xo‘sh, MMO o‘zi nima?
O‘zbekistonda 2001-yili “Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish to‘g‘risida” qonun qabul qilingan. Unda xalqning umummilliy boyligi bo‘lmish MMO kim tomonidan, qanday muhofaza qilinishi, kim uni tartibga solib borishi aniq qilib belgilab berilgan. Unda MMOni Umumjahon madaniy merosi ro‘yxatiga kiritishni tavsiya qilish vakolatigina Madaniyat vazirligi va unga tegishli Inspeksiyaga berilgan. MMOning muhofaza hududini belgilash esa, O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasiga yuklatilgan (6-modda).
Mahalliy hokimiyat organlari va Inspeksiyaga bundan ortiq vakolat, ya’ni MMOning muhofaza hududini belgilash, shaharda qurilayotgan uylarning balandligini chegaralab berish, uylarni buzdirish, tekislash vakolatlari berilmagan.
Ko‘pqavatli uylarni buzish borasida mahalliy hokimiyat rahbarlari asossiz va noqonuniy tarzda shoshma-shosharlik bilan qarorlar qabul qildi.
Birgina Samarqand shahar hokimining qarori bilan qurilishiga noqonuniy qaror berilgan 200 dan ortiq ko‘pqavatli uyning taqdiri shubha ostida qoldi. Bugungi kunda prokuratura organlari ana shu uylarning 100 dan ortig‘iga oid qarorlarning noqonuniy ekani borasida tekshiruv ishlarini olib bormoqda.
Soha mutaxassislari guvohlik berishicha, Samarqanddagi 100 dan ortiq uy, kafe, restoran, do‘kon, kinoteatr va boshqa inshootlar MMO sifatida davlat muhofazasiga olingan. Aslida, ularning birortasi na tarixiy, na madaniy, na me’moriy qimmatga ega. Umumjahon MMO ro‘yxatiga sira ham kirmaydi.
Yana bir qiziq fakt: Samarqanddagi binolarni MMO deb topishni inspeksiya boshlig‘i o‘zi tuzib, o‘zi tasdiqlagan, rahbar qilib o‘zini tayinlagan, tarkibiga eri va boshqa yaqin qarindoshlarini kiritgan Ekspert Kengashi hal qiladi.
Inspeksiya tomonidan o‘ylab topilgan “Muhofaza hududi” va “Bufer hududi”ga kirib qolgan binolarning taqdiri birgina Inspeksiya ishorasi bilan hal bo‘lmoqda. Eng qizig‘i, qaysidir binolar qoldirilib, yonidagi, undan pastroq binolar buzilmoqda.
Inspeksiya “ixtiyoriga berilgan” binolarda bugun korxonalar, do‘konlar, oshxonalar, turli katta-kichik firmalar faoliyat yuritayotganligi ham sir emas.
2016-yilda Samarqand viloyat IIB rahbariyati taqdimnomasi bilan Madaniyat vazirligi Inspeksiya o‘z xizmat vakolatini suiiste’mol qilgani, ekspertizalarni noqonuniy o‘tkazgani, o‘zboshimchaliklar qilinganini aniqlagan edi. Ammo aniqlagan ish nima uchundir sudgacha yetib bormadi...
Samarqandda bo‘layotgan tartibsizliklar, shubha-gumonlarni tarqatish maqsadida, xalqning fikrini eshitib ko‘radigan, bu ishlarga sabab bo‘layotgan MMO va muhofaza hududlari haqida aql bilan bir to‘xtamga keladigan, bu boradagi hukumatning, Madaniyat vazirligi, mahalliy hokimiyat qarorlari qanchalar to‘g‘ri ekanini baholaydigan, xullas, masalani bir yoqli qiladigan payt keldi.
Izoh (0)