O‘zbekiston Prezidentining 1-noyabrdagi “Xalqaro baxshichilik san’ati festivalini o‘tkazish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq 22-noyabr kuni Vazirlar Mahkamasining qarori qabul qilindi. Unda Xalqaro baxshichilik san’ati festivalini o‘tkazish tartibi va uni 2019-yilda tashkillashtirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” tasdiqlandi, deb xabar beradi O‘zA.
Qarorda qayd etilishicha, festival har ikki yilda bir marta, 5-10-aprel kunlari Surxondaryo viloyatining Termiz shahrida o‘tkaziladi. Festivalni o‘tkazishning aniq sanasi va muddati Xalqaro baxshichilik san’ati festivaliga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha Tashkiliy qo‘mita tomonidan belgilanadi.
Festival doirasida baxshichilik va dostonchilik san’atini rivojlantirish, baxshi-shoir, oqin va jirovlar ijodining sharq madaniyati va san’atidagi o‘rni hamda ahamiyatini yanada oshirish va boshqa masalalarga oid ilmiy-amaliy konferensiya, xorijiy va O‘zbekiston baxshichilik san’ati ustalarining yakka konsertlari, baxshi-shoir, oqin va jirovlar hamda folklor jamoalarining Xalqaro ko‘rik tanlovi, sayillar. mamlakatning dunyoga mashhur shaxslari hayoti va ijodiy faoliyati haqida zamonaviy usulda sahnalashtirilgan dastur namoyishlari, baxshichilik san’ati tarixiga oid ko‘rgazma, o‘zbek, fors, arab, ingliz va rus tillarida nashr etilgan ilmiy-tadqiqot asarlari hamda ilmiy-ma’rifiy adabiyotlar namoyishi o‘tkaziladi.
Ko‘rik-tanlov g‘oliblari Tashkiliy qo‘mita tomonidan diplom, statuetka va quyidagi miqdorlarda pul mukofotlari bilan taqdirlanadi:
“Gran-pri” — 7 000 dollar;
1-o‘rin (har bir yo‘nalish bo‘yicha) 2x5 000 — 10 000 dollar;
2-o‘rin (har bir yo‘nalish bo‘yicha )2xZ 500 — 7 000 dollar;
3-o‘rin (har bir yo‘nalish bo‘yicha) 2x2 500 — 5 000 dollar.
Festivalning xar bir qatnashchisiga “Xalqaro baxshichilik san’ati festivali”ning faol ishtirokchisi sertifikati beriladi.
Izoh (0)