Fuqarolik ishlari bo‘yicha Farg‘ona tumanlararo sudi tomonidan bir necha yildan buyon muammo bo‘lib kelayotgan masala ijobiy hal etilib, taraflar o‘rtasida kelishuv bitimi tuzilishiga erishildi, deb yozadi O‘zA.
Bundan besh yil muqaddam fuqaro Sh.R. Farg‘ona shahar Mustaqillik ko‘chasidagi xonadonning yakka tartibda uy-joy qurilishi uchun o‘z nomiga ajratilgan birinchi va ikkinchi yer bo‘laklarini Yo.M.ga 53 million 200 ming so‘m qiymatiga baholab, 19 ming AQSh dollariga sotgan. Bu Farg‘ona shahar 5-davlat notarial idorasida tilxat va ishonchnomalar bilan rasmiylashtiriladi.
Sh.R. 2015-yil mart oyiga kelib, go‘yo 2013-yilda Yo.M.ga mazkur yer bo‘laklarining faqat bir qismini sotgani haqida aytib, Farg‘ona shahar 5-davlat notarial idorasida rasmiylashtirilgan ishonchnomani bekor qilib, mazkur yer bo‘laklari uchun Farg‘ona shahar Yer resurslari va davlat kadastri bo‘limi tomonidan o‘z nomiga tayyorlangan uy hujjatlarini olib, tanishidan bo‘lgan qarzi evaziga berib yuborib, Yo.M.ga jami 47 million 931 ming 870 so‘m miqdorida moddiy zarar yetkazgan.
Sh.R. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksning 168-moddasida belgilangan jinoyatni sodir etganlikda ayblangan va jinoyat ishi amnistiya aktiga asosan harakatdan tugatilgan. Da’vogar Yo.M. o‘zi tomonidan qurib bitkazilgan uyning sarf-xarajatini javobgar Sh.R.dan undirish haqida sudga da’vo arizasi kiritgan.
2018-yil 26-iyul kuni bo‘lib o‘tgan fuqarolik ishlari bo‘yicha Farg‘ona tumanlararo sudining ochiq sud majlisida sud da’vogar Yo.M.ning da’vosini asosli deb topdi va uyga ketgan sarf-xarajatlarni javobgar Sh.R.dan da’vogar Yo.M. foydasiga 712 million 461 ming 590 so‘m, davlat foydasiga 28 million 498 ming 463 so‘m davlat boji undirish haqida hal qiluv qarori chiqardi.
Yo.M. va Sh.R.lar sudga ariza bilan murojaat qilib, hal qiluv qarori ijrosi yuzasidan ixtiyoriy ravishda kelishuv bitimi tuzganligini bildirib, mazkur bitimni tasdiqlashni so‘ragan. Fuqarolik ishlari bo‘yicha Farg‘ona tumanlararo sudining ochiq sud majlisida da’vo arizasi ko‘rib chiqildi.
Unga ko‘ra, taraflar o‘rtasida tuzilgan kelishuv bitimiga asosan, qarzdor Sh.R.ga tegishli bo‘lgan Farg‘ona shahar Mustaqillik ko‘chasidagi uy fuqarolik ishlari bo‘yicha Farg‘ona tumanlararo sudining 2018-yil 26-iyul kungi hal qiluv qaroriga asosan undirilishi belgilangan 712 million 461 ming 590 so‘m evaziga undiruvchi Yo.M.ning egaligiga o‘tkaziladi. Kelgusida bu uyga nisbatan qarzdor Sh.R. undiruvchi Yo.M.ga hech qanday da’vo qilmaydi.
Mazkur kelishuv bitimi ijro ishi bo‘yicha taraflarning xohish-irodasiga ko‘ra tuzilgan bo‘lib, uning shartlari taraflarning manfaati yoki davlat manfaatlariga zid kelmaydi.
Izoh (0)