2018-yilning 22-noyabr kuni Brussel shahrida bo‘lib turgan O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov boshchiligidagi delegatsiya “O‘zbekiston—Yevropa Ittifoqi” hamkorlik kengashining 14-majlisida ishtirok etdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining matbuot xizmati xabar berdi.
Yevropa Ittifoqi delegatsiyasiga hozirda Yevropa Ittifoqiga raislik qilayotgan Avstriya Respublikasining Yevropa ishlari, integratsiya va tashqi ishlar masalalari bo‘yicha federal vaziri Karin Kneissl boshchilik qildi.
Tadbirda ikki tomon kun tartibidagi muhim masalalar yuzasidan fikr almashildi, siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi hamkorlikni yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari ko‘rib chiqildi.
Muhokama qilingan deyarli barcha masalalar bo‘yicha mavqe’ va qarashlar yaqinligi yoki mos kelishi hamda uzoq muddatli o‘zaro manfaatli sheriklikni yanada rivojlantirishdan tomonlar manfaatdorligi tasdiqlandi.
Uchrashuvda O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim bo‘yicha muzokaralarni 23-noyabr kuni boshlashga kelishib olindi. Ushbu bitim 1999-yil 1-iyuldan buyon amal qilayotgan O‘zbekiston va Yevropa Hamjamiyatlari hamda ularga a’zo davlatlar o‘rtasida sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim o‘rnini bosishi kutilmoqda.
Yevropa tomoni O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishiga ko‘mak berishga tayyor ekanligini tasdiqladi.
Shuningdek, ayrim xalqaro va mintaqaviy masalalar muhokama qilindi. Xususan, Afg‘onistonda tinchlikni o‘rnatishda faol hamkorlik qilishga kelishib olindi.
Majlis yakunida Abdulaziz Komilov va Karin Kneissl matbuot anjumani o‘tkazdi.
Izoh (0)