O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi, Bek Sluster mas’uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi O‘zbekiston—Buyuk Britaniya qo‘shma korxonasi rahbari Ulug‘bek Sotiboldiyev Guliston davlat universiteti talabalari davrasida bo‘ldi, deb yozadi O‘zA.
Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Sirdaryo viloyati kengashi tomonidan “Senator va yoshlar” loyihasi doirasida tashkil etilgan tadbirda talabalar, professor-o‘qituvchilar, Yoshlar ittifoqi hamda partiya faollari ishtirok etdi.
Tadbirda mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar ahamiyati, qabul qilinayotgan hujjatlar mazmun-mohiyati, qishloq xo‘jaligida klasterning afzalliklari, tadbirkorlik uchun yaratilayotgan keng sharoit va imkoniyatlar haqida hayotiy misollar asosida fikr yuritildi.
“Loyihadan ko‘zlangan maqsad yoshlarni mamlakatimizda huquqiy demokratik davlat va kuchli fuqarolik jamiyati barpo etish jarayoniga keng jalb etish, — deydi partiya viloyat kengashi yoshlar bilan ishlash bo‘limi mudiri Husan Jabborov. — Ochiq muloqot tarzidagi bunday tadbirlarda yoshlarning faolligi, ba’zan juda o‘rinli takliflar bilan chiqayotgani quvonarli. Bugungi uchrashuvda ham talabalarni qiynayotgan masalalar xususida fikr almashildi, o‘z biznes rejasiga ega bo‘lgan yoshlarga maslahat berildi va yo‘l-yo‘riq ko‘rsatildi”.
Izoh (0)