“O‘zekspomarkaz” milliy ko‘rgazmalar majmuasida davom etayotgan Turizm sohasidagi birinchi xalqaro investitsiya forumi hamkorlik aloqalarini o‘rnatish, O‘zbekistonda o‘z biznesini yo‘lga qo‘yish istagida bo‘lgan ishbilarmonlar bilan gavjum. Yuzlab xorijiy sarmoyadorlar O‘zbekiston hududlarining turizm salohiyati va imkoniyatlari, milliy hunarmandlik namunalari bilan yaqindan tanishib, istiqbolli loyihalarni ro‘yobga chiqarishga doir muzokaralarda ishtirok etmoqda, deb yozadi O‘zA.
Anjuman doirasida taqdimotlar, amaliy muloqotlar bilan birga, B2B, B2G uchrashuvlarida xorijiy kompaniyalar rahbarlari va menejerlari mamlakatdagi istiqbolli sayyohlik yo‘nalishlari bilan tanishish, hamkorlik o‘rnatish va o‘zaro manfaatli shartnomalar tuzish imkoniga ega bo‘lmoqda.
Mamlakatning har bir hududida bo‘lgani kabi Toshkent viloyatida ham turizm sohasini yangi tarmoqlar hisobiga yanada rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, 2018-yilning o‘tgan o‘n oyi davomida investorlarga 23 turistik obyekt qurish uchun yer maydoni ajratildi. Bu infratuzilmani rivojlantirish va hududning sayyohlik imkoniyatlarini kengaytirishda muhim o‘rin tutadi. Jumladan, 2018-yil boshida viloyatda 3 mingdan ziyod turistga xizmat ko‘rsatish imkoniyati mavjud bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunga kelib bu raqamlar 4 ming 500 ga yetdi. Yangi loyihalarning ishga tushirilishi bilan viloyatning bu boradagi ko‘rsatkichi 7 mingdan ortadi.
Forumda ushbu yer maydonlarida sayyohlik obyektlarini qurish bo‘yicha xorijiy investorlar bilan 50 million AQSh dollari miqdoridagi 30 dan ortiq shartnoma imzolashga erishildi.
Anjumanda xorijiy hamkorlar ishtirokida mamlakatda O‘zbekiston—Singapur sayyohlik markazini ochish, Sirdaryo viloyatida 18 milliard so‘mlik loyihani amalga oshirish, sheriklik kelishuvini ro‘yobga chiqarishga oid memorandumlar, shuningdek, mahalliy sarmoyadorlar tomonidan Samarqand, Qashqadaryo, Jizzax, Farg‘ona viloyatlarida istiqbolli loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha foydali bitimlar imzolashga erishildi.
Shu kuni Xalqaro hamkorlik markazida “O‘zbekistonda 2025-yilgacha turizmni rivojlantirish konsepsiyasi” mavzusida ilmiy-amaliy seminar bo‘lib o‘tdi. Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda tegishli vazirlik va idoralar mas’ul xodimlari, xalqaro ekspertlar, Andijon, Namangan, Farg‘ona, Buxoro, Samarqand, Xorazm, Qashqadaryo viloyatlari va Toshkent shahri turizm subyektlari vakillari ishtirok etdi.
Unda turizm sohasida kadrlar tayyorlash, sayyohlik tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtirish, transport va infratuzilmani rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Izoh (0)