17-noyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 2019-yilgi Davlat budjeti muhokamasiga bag‘ishlangan majlisida O‘zbekiston moliya vaziri tomonidan O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi a’zolarining bildirgan taklifi inobatga olingan. Unga ko‘ra, 2019-yil Budjetnomasida tibbiyot muassasalarida qattiq va yumshoq mebellar, choyshablar uchun rejalashtirilayotgan 30 milliard so‘m mablag‘ga qo‘shimcha 75 milliard so‘m, jami 105 milliard so‘m mablag‘ ajratilishi ma’lum qilindi. Bu haqda Turon24 xabar bermoqda.
Fraksiya a’zolari o‘tgan oylar mobaynida joylardagi vaziyatlarni o‘rganishi davomida ayrim tibbiyot muassasalarida qattiq va yumshoq mebellarning eskirganligi yoki yetishmasligi, shu bilan birga davolanayotgan bemorlarning choyshablari yilda kamida 3 marta yangisiga almashtirilishi o‘rniga bir marta yangilanayotgani kabi masalalar aniqlangan.
“Mazkur masala yuzasidan deputatlarimiz tomonidan mutasaddilarga bir necha bor qilingan murojaatlar javobsiz qolayotgan edi”, — deyiladi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi axborotida.
Deputatlar tomonidan 2019-yilgi Budjetnoma to‘liq qo‘llab-quvvatlangan.
Izoh (0)