Samarqand shahrida yashovchi Sherzod Jo‘raqulov 2017-yilning dekabr oyidan 2018-yilning oktabr oyiga qadar jami 8 206 158 so‘m miqdoridagi aliment pullarini to‘lashdan bo‘yin tovlab kelgan. Bu haqda “Daryo” muxbiri Farhod Norbo‘tayev ma’lum qildi.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudning 2017-yil 7-dekabrdagi sud buyrug‘iga asosan to‘rt nafar farzandining moddiy ta’minoti uchun Sherzod Jo‘raqulov har oylik ish haqi va boshqa daromadlarining 1/2 qismi miqdorida Parvinaoy Usmonovaga aliment pullari to‘lashi lozim bo‘lgan. Biroq Sh. Jo‘raqulov pullarni to‘lamay kelgan.Majburiy ijro byurosi Samarqand shahar bo‘limi ijro ish yurituviga 2017-yilning 25-dekabrida kelib tushgan sud qarori asosida ijro ishi yuritishni qo‘zg‘atish to‘g‘risidagi qaror qabul qilinib, qaror nusxasi tomonlarga yuborilgan.
Olib borilgan majburiy ijro harakatlari davomida davlat ijrochisining bir necha bor rasmiy ogohlantirishlariga qaramasdan qarzdor Sh.Jo‘raqulov 8 206 158 so‘m miqdoridagi aliment pullarini to‘lashdan bo‘yin tovlagan.
Davlat ijrochisi S.Isoqov tomonidan 2018-yilning 12-oktabr kuni qarzdor Sh.Jo‘raqulovga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 47/4- moddasi asosida ma’muriy ish yuritilib, to‘plangan hujjat qonuniy chora ko‘rish uchun Samarqand shahar ma’muriy sudiga yuborilgan.
Sudning 2018-yil 8-noyabr kungi qaroriga asosan Sh.Jo‘raqulovga nisbatan 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlanib sud zalidan qamoqqa olingan.
Izoh (0)