Hukumat va jamoat tashkilotlarining vakillari O‘zbekistondagi ijtimoiy himoya tizimini baholash natijalarini ko‘rib chiqdi. Bu haqda UNICEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi matbuot xizmati xabar berdi, deb yozadi “Gazeta.uz”.

Foto: “Gazeta.uz”

“O‘zbekiston ijtimoiy himoya tizimini baholash” seminari 9-noyabr kuni Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, UNICEF, Jahon banki va Xalqaro mehnat tashkiloti tomonidan tashkil etildi.

2018-yilda o‘tkazilgan uy xo‘jaliklari umummilliy so‘rovi natijalari past daromadga ega bo‘lgan oilalarning 75 foizi ijtimoiy nafaqa olmasligini ko‘rsatdi. Oilalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va ularni past daromadli oilalar maqomidan olib chiqish uchun zarur bo‘lgan ijtimoiy faoliyat hukumatning ichki funksiyasi sifatida belgilanmagan. UNICEF fikricha, O‘zbekistonda ijtimoiy himoya sohasi uzuq-yuluqligicha qolmoqda, bu esa ijtimoiy himoya sohasidagi investitsiyalarning nosamaradorligi, shuningdek, ijtimoiy xizmatlarning past sifatiga olib kelmoqda.