I.V.Savitskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston Respublikasi san’at muzeyi ma’muriyati Nukus muzeyi do‘stlari jamg‘armasi yopilishi haqidagi xabarlarni izohladi, deb yozadi “Gazeta.uz”.

Foto: “Gazeta.uz”

Niderlandiyada joylashgan Nukusdagi muzey do‘stlari xayriya jamg‘armasi (Friends of Nukus Museum, FoNM) 2018-yil oxirida tarqatib yuborilishi haqida jurnalistlarga uning raisi Devid Pirs xabar bergan edi.

Mazkur Nukusdagi I.V.Savitskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston Respublikasi san’at muzeyiga moddiy yordam, kitoblar va uskunalar yetkazib, yordam qo‘lini cho‘zib kelgan. Jamg‘armaning tarqatib yuborilishiga sabab sifatida Pirs so‘nggi uch yilda muzeyga berilgan xayriya sovg‘alari, jumladan, audiouskunalar va kitoblarning g‘oyib bo‘lganligini keltirgan. “Bizga ma’lum bo‘lishicha, ular yo musodara etilgan yoki o‘g‘irlab ketilgan”, – degan Pirs.

Savitskiy muzeyi ma’muriyati bayonotida aytilishicha, muzeyga berilgan xayriya sovg‘alari, shu jumladan, audio moslamalar va bosma mahsulot (kitoblar, otkritkalar) jamg‘arma ko‘magida chiqarilgan va 2015-yilgacha bo‘lgan davrda muzeyga hadya qilingan.

“Bosma mahsulotlarning barchasi va barcha audiogidlar muzeyda turibdi. Ammo 2015-yilda boshlangan, muzeyni tekshirish va inventarizatsiya qilish chog‘ida ushbu bosma mahsulotlar pechatlangan (soliq xizmati tomonidan), va muzey ma’muriyati hozircha muhrni buzish va u yerdagi mahsulotlarni tegishli organlar ruxsatisiz olish huquqiga ega emas”, — deyiladi bayonotda.

“Muzey rahbariyati ushbu masala ustida ishlamoqda. Tez orada barcha bosma mahsulot jamoatchilikka taqdim etilishi va muzeyimiz do‘konlarida paydo bo‘lishiga umid qilamiz”, — deya ta’kidlashdi ma’muriyatda.

Muzeydagilar qo‘shimcha qilishicha, so‘nggi uch yil davomida jamg‘arma muzeyga yordam ko‘rsatmagan, shu jumladan, moliyaviy yordam ham. “Biz jamg‘arma o‘z faoliyatini to‘xtatmasligiga va muzey bilan hamkorlik qilishiga qattiq umid qilib qolamiz”, — deyiladi bayonotda.