Navoiy shahridagi San’at galereyasida yaponiyalik olim, fotorassom, Navoiy shahrining faxriy fuqarosi Daysaku Ikedaning “Tabiat bilan suhbat” nomli fotoko‘rgazmasi ochildi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Foto: “navoiy.uz”

Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda viloyat va shahar hokimligi mas’ullari, taniqli ijodkorlar, ta’lim muassasalari rahbarlari hamda yoshlar ishtirok etdi.

O‘zbekiston va Yaponiya davlatlari o‘rtasida barcha sohalarda bo‘lgani kabi madaniy yo‘nalishda ham aloqalar tobora rivojlanib borayotgani ta’kidlandi.

Ushbu ko‘rgazma O‘zbekiston—Yaponiya diplomatlik aloqalarining 25 yilligiga hamda Navoiy shahrining 60 yillik bayramiga munosib tuhfa bo‘ldi. Namoyish etilayotgan asarlarda ajoyib tabiat manzaralari, dunyoning turli joylaridagi insonlar hayoti, Yaponiya manzaralari o‘ziga xos ifoda etilgan.

Ijodkorning “Gavayi orollari”, “Fudzi tog‘i”, “Yaponiyadagi Soka universiteti”, “Niagara sharsharasi” kabi asarlari ko‘rgazma qatnashchilarida katta taassurot qoldirmoqda.