Navoiy viloyatida shu kunga qadar og‘ir ahvolga tushib qolgan 188 nafar xotin-qizga 300 mln so‘m moddiy yordam ko‘rsatildi. Bu haqda “Xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha hududiy bo‘linmalar miqyosida qaror qabul qiluvchi shaxslar salohiyatini mustahkamlash” mavzusidagi o‘quv-seminarda aytib o‘tildi, deya xabar beradi “Turon 24”.

Foto: “Turon 24”

Seminar O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi hamda Birlashgan Millatlar tashkilotining aholishunoslik jamg‘armasi va Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi elchixonasi bilan hamkorlikda tashkil etildi. Unda siyosiy partiyalar, jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.

“O‘zbekiston qonunlarida ayollar huquqi, erkinliklari xalqaro me’yorlar asosida ifodalangan. Ayniqsa, ayol va erkaklarning teng huquqliligi, zo‘ravonlik holatlari yuz berganda qo‘llaniladigan choralar aniq belgilangan, — deydi Fuqarolik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash markazi rahbari Dilovar Qobulova. — Ammo ayollar kamsitilganda qanday choralar ko‘rilishi hech bir hujjatda aks ettirilmagan. Bugungi seminar ishtirokchilaridan mazkur masalada takliflar olmoqdamiz”.

O‘quv-mashg‘uloti davomida chekka hududlarda istiqomat qiladigan xotin-qizlarni ijtimoiy muhofaza qilish yuzasidan monitoring o‘tkazish shakllari, ayollar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha universal davriy hisobot tayyorlash to‘g‘risida ma’lumotlar berildi.