O‘zbekistonda besh yoshgacha bo‘lgan bolalar orasidagi o‘lim holatlarining 57 foizi neonatal davr — ular hayotining ilk 28 kunida yuz beradi. Bu haqda UNICEF’ning mamlakatdagi vakolatxonasi matbuot xizmatiga tayanib, “Gazeta.uz” xabar bermoqda.

Foto: “Gazeta.uz”

Bunga uchta asosiy sabab — erta tug‘ruq, asfiksiya va infeksiyalar. Mazkur ma’lumotlar chaqaloqlar o‘limining oldini olish va ularni parvarishlash sifatini oshirish bo‘yicha Milliy konsultativ yig‘ilishda ma’lum qilindi.

Unda O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, hukumat va nohukumat tashkilotlarining vakillari, xalqaro ekspertlar va sog‘liqni saqlash sohasidagi mutaxassislar ishtirok etdi.

BMTning yaqindagi hisobotiga ko‘ra, dunyo bolalar o‘limini kamaytirishda ancha progressga erishgan va millionlab bolalar 1990-yilga qaraganda yashash uchun ko‘proq imkoniyatga ega. Biroq, shunga qaramasdan, birgina 2017-yilda 5,4 million bola besh yoshga kirmasdan vafot etgan. Ulardan 2,5 millioni ikki oy ham yashamagan.

Yig‘ilish ishtirokchilari O‘zbekistonda chaqaloqlar sog‘lig‘i sohasidagi vaziyatni tahlil qildi. Ular neonatal parvarishni yaxshilash yo‘llarini muhokama qildi va chaqaloqlar o‘limining oldini olish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqdi.