Toshkentda joriy yilning 21—23-noyabr kunlarida mamlakatda birinchi marotaba o‘tkaziladigan xalqaro vino festivali oldidan matbuot anjumani tashkil etildi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Foto: “Turon 24”

Xorijiy investitsiyalarni jalb etish va korxonalarning eksport salohiyatini oshirish, O‘zbekiston vino san’atini xalqaro miqyosda namoyish etish maqsadida o‘tkaziladigan festivalda Rossiya, Fransiya, Italiya, Yaponiya, Bolgariya, Vengriya, Gruziya va boshqa davlatlardan vinochilik sohasi vakillari, ekspert va mutaxassislar ishtirok etadi.

“Vino san’ati” uch xil — ilmiy, madaniy va ko‘ngilochar yo‘nalishlarni o‘z ichiga oladigan noodatiy festival sifatida tashkil etiladi va uning doirasida “Vino va uzumchilik sanoatida innovatsion texnologiyalar”, “Sharq uzumlari” nomli xalqaro ilmiy-amaliy anjumanlar o‘tkaziladi.

Shuningdek, madaniy-ko‘ngilochar dasturlar, vino san’ati bo‘yicha mahorat darslari, mahalliy gastronomik mahsulotlar va milliy hunarmandchilik namunalari ko‘rgazmasi tashkil etilishi rejalashtirilgan.