Toshkent viloyatida keyingi 5 yil mobaynida tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish istagini bildirgan 8 ming 300 nafardan ziyod xotin-qizga tijorat banklari tomonidan 236 milliard so‘mdan ortiq imtiyozli kredit ajratildi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Foto: “Kun.uz”

Joriy yilda ish so‘rab murojaat qilgan ayollarning qariyb 10 ming nafari iqtisodiyotning turli tarmoqlariga ishga joylashtirilgan, 900 dan ziyod xotin-qizga ishsizlik nafaqasi tayinlangan. 800 nafardan ziyod ayollar kasb-hunarga o‘qitilgan bo‘lsa, qariyb 5 ming 600 nafari haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb qilingan.

Oilaviy tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish, xonadonda qoramol va parrandachilikni rivojlantirish, issiqxona tashkil etish istagini bildirgan mingdan ortiq ayolga 55 milliard 470 million so‘m miqdorida imtiyozli kredit ajratilgan.

O‘tgan davr mobaynida oilalar turmush tarzi, muammolarini o‘rganish maqsadida respublika hamda viloyat ishchi guruhlari tomonidan o‘tkazilgan muloqotlar natijasida 30 ming 869 nafar nogironligi bo‘lgan, shu jumladan, ijtimoiy ahvoli juda og‘ir, uy-joyga muhtoj 1 ming 245 xotin-qizga alohida e’tibor qaratilgan, ularning 206 nafariga uy-joy berilgan. 1,5 mingdan ziyod ayolga 1 milliard 263 million so‘mlik moddiy yordam ko‘rsatilib, 1 ming 116 nafari doimiy ish bilan ta’minlangan.

Toshkent viloyati xotin-qizlar qo‘mitasining navbatdagi hisobot-saylov konferensiyasida shular haqida ma’lum qilindi.

Anjumanda erishilgan natijalar bilan bir qatorda, yo‘l qo‘yilgan kamchilik va muammolar ham tahlil etildi. Jumladan, joriy yilda xotin-qizlar tomonidan sodir etilgan jinoyat va huquqbuzarliklar o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 33 foizga kamaygani holda, viloyatning O‘rta Chirchiq, Chinoz va Parkent tumanlarida oshgan.

Bu borada xotin-qizlar, ayniqsa, balog‘at yoshidagi o‘smir qizlar bilan ishlash, ushbu yo‘nalishda oila, ta’lim muassasasi va mahalla hamkorligini yanada mustahkamlash, qizlarni oilaga tayyorlash masalasiga katta mas’uliyat bilan yondashish lozimligiga alohida e’tibor qaratildi.

Konferensiyada O.Parpiboyeva viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi raisi etib qayta saylandi. Shuningdek, viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi boshqaruvi a’zolari, nazorat-taftish komissiyasi tarkibi, komissiya raisi hamda O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi konferensiyasiga delegatlar saylandi.

Yig‘ilishda Bosh vazir o‘rinbosari, Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Tanzila Norboyeva, Toshkent viloyati hokimi G‘ulomjon Ibragimov ishtirok etdi.