Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida deputatlar mamlakat hayotining turli sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlarni huquqiy jihatdan ta’minlashga qaratilgan bir qator qonun loyihalarini ko‘rib chiqdi. Bu haqda palata matbuot xizmati ma’lum qildi.

Foto: Qonunchilik palatasi

Majlis kun tartibiga kiritilgan barcha masalalar siyosiy partiyalarning parlament quyi palatasidagi fraksiyalari hamda O‘zbekiston Ekologik harakati deputatlar guruhi yig‘ilishlarida dastlabki tarzda muhokama qilingan edi.

Majlisda deputatlar ishni “Urug‘chilik to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasi muhokamasidan boshladi.

Deputatlarning fikricha, mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi qishloq xo‘jaligida urug‘chilikning normativ-huquqiy bazasini yanada takomillashtirish, sohaga zamonaviy innovatsion loyihalarni joriy etish, urug‘lik genafondini saqlash, urug‘lik yetishtiradigan va uni qayta ishlaydigan korxonalar tarmog‘ining samaradorligini yanada oshirish, urug‘larni realizatsiya qilish hamda eksport ko‘lamini kengaytirishga xizmat qiladi.

Shundan so‘ng deputatlar “O‘zbekiston Respublikasining Konsullik ustaviga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ko‘rib chiqdi. Hozirda amal qilib turgan mamlakatning xorijiy davlatlardagi konsullik muassasalari faoliyatining huquqiy asoslarini belgilab beruvchi asosiy hujjat – O‘zbekiston Respublikasi Konsullik ustavi 22 yil muqaddam, 1996-yil 29- avgustda qabul qilingan qonun bilan tasdiqlangan. O‘tgan davr mobaynida milliy qonunchilikka kiritilgan o‘zgartishlar, shuningdek, hozirgi kunda shakllangan amaliyot, xorijiy tajriba va xalqaro huquq normalarini inobatga olgan holda, davrning o‘zi mazkur hujjat takomillashtirilishini taqozo etmoqda. Shu munosabat bilan parlament quyi palatasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasining Konsullik ustavi yangi tahrirda tayyorlandi.

Shundan so‘ng quyi palata deputatlari tomonidan qonunchilik tashabbusi asosida kiritilgan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Qayd etilishicha, oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha Yevropa agentligi tahlillariga ko‘ra, 18-29 yoshda bo‘lgan yigit va qizlarning 70 foizi energetik ichimliklarni alkogol mahsulotiga qo‘shib ichishi ma’lum bo‘ldi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bu ichkilikbozlik alkogolning o‘zidan zaharlanishdan ko‘ra ancha xavfliroq. Olingan xulosalarga ko‘ra, energetik ichimliklarni doimiy ravishda iste’mol qilish voyaga yetmaganlarda yurak xurujlari kuchayishiga, ko‘rish qobiliyati susayishi va aqliy nuqsonlar yuzaga kelishiga sabab bo‘ladi.

Deputatlarning fikricha, taklif qilinayotgan qonun loyihasining qabul qilinishi amaldagi qonun hujjatlaridagi mavjud bo‘shliqni to‘ldirish bilan birga, quvvat beruvchi ichimliklarni reklama va realizatsiya qilish ishlari ustidan samarali nazorat o‘rnatish mexanizmlarini qo‘llashga ko‘maklashadi.

Shundan so‘ng deputatlar O‘zbekiston Respublikasining 2018-yil 12-apreldagi “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”gi qonunini amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi ijrosi yuzasidan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi qonuni loyihasi muhokamasiga kirishdi.

Yig‘ilishda qayd etilganidek, jamoatchilik nazorati jamoatchilik kengashlari, komissiyalari va boshqa jamoatchilik tashkiliy tuzilmalari tomonidan ham qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi. Deputatlar fikricha, tahlillar “Davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish to‘g‘risida”gi, “Oziq-ovqat mahsulotining sifati va xavfsizligi to‘g‘risida”gi, “Radiatsiyaviy xavfsizlik to‘g‘risida”gi, “Psixiatriya yordami to‘g‘risida”gi hamda “O‘rmon to‘g‘risida”gi qonunlarning normalari jamoatchilik nazorati subyektlari doirasini cheklab qo‘yayotganini ko‘rsatmoqda. Ko‘rilayotgan qonun loyihasi bilan qonun hujjatlari normalari o‘rtasidagi nomuvofiqlikni bartaraf etish maqsadida yuqorida keltirilgan qonunlarga tegishli o‘zgartirishlar kiritish taklif etilmoqda.

Majlisda muhokama etilgan yana bir hujjat – “O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi bo‘ldi. Ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi belgilangan normalarga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini kuchaytirish, o‘simliklarning karantini bo‘yicha chora-tadbirlarni tizimli amalga oshirish, huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha choralar ko‘rish, o‘simliklar karantini va fitosanitariya talablari bajarilishini to‘liq ta’minlashga yordam beradi.

Majlisda, shuningdek, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi vakolatiga taalluqli boshqa masalalar ham ko‘rib chiqildi.