Shu yil 7—8-noyabr kunlari Ostona shahrida “Jurnalistika kelajagi” mavzusida yigirmanchi YeXHT Markaziy Osiyo konferensiyasi bo‘lib o‘tdi, deb yozadi O‘zA.

Foto: O‘zA

Konferensiya kun tartibidan raqamli ma’lumotlar davrida axborot sifati va jurnalistika kelajagi, dezinformatsiya va unga qarshi kurash yo‘llari, foydalanuvchilar kontentining o‘ziga xos jihatlari va ommalashtirish xatarlari, faktcheking va mediasavodxonlik feyklarga qarshi universal qurol sifatida, shuningdek, yolg‘on ma’lumotlar keng tarqalayotgan zamonda sifatli jurnalistika standartlari kabi mavzular o‘rin olgan.

So‘zga chiqqanlar tobora ortib borayotgan raqamlashtirish munosabati bilan mushtarak mavzular bo‘lishi muhimligini qayd etdi. Ta’kidlanganidek, internet barchaning so‘nggi ma’lumotlardan xabardor bo‘lishi uchun ulkan qulayliklar taqdim etib qolmay, uning auditoriyasi uchun ham axborot yaratish va tarqatish imkonini bermoqda. Biroq, yangi axborot ekotizimida yolg‘on xabarlar ko‘payayotgani jiddiy xatarga aylanib, faktlar bilan ishlashda jurnalistikaning professionallik darajasi masalasining dolzarb ahamiyatini keltirib chiqardi va faktlarni tekshirish ko‘nikmasini takomillashtirishni taqozo etmoqda.

O‘zbekiston jurnalistlarni qayta tayyorlash markazi direktori G.Bobojonova ta’kidlaganidek, feyklarga qarshi kurashda jurnalistlar avvalo axborotni tekshirishi, muqobil manbalar izlashi va tezkorlik ketidan quvib aniqlikni xavf ostiga qo‘ymasligi kerak. Faktcheking va axborot manbalarini tekshirish uchun jurnalistlar professionallik darajasini, ularning ko‘plab multimedia platformalaridan foydalanish bo‘yicha malakasini oshirish unga erishish yo‘llaridan biridir.

O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi bo‘lim boshlig‘i A.Kan o‘z chiqishida O‘zbekistonda so‘nggi ikki yil ichida so‘z erkinligini ta’minlash borasida ulkan o‘zgarishlar amalga oshirilganini qayd etdi.

Anjuman davomida o‘z-o‘zini tartibga solish sohasida turli mamlakatlar o‘rtasida tajriba almashildi, bu yo‘nalishdagi ishlarni takomillashtirish va davom ettirish maqsadga muvofiq. Bugun o‘z-o‘zini tartibga solishning talay mexanizmlari mavjud bo‘lib, odob-axloq qoidalarini takomillashtirish ham bu borada mustaqil vosita bo‘lib xizmat qilishi mumkin.