Toshkentda “Turizm o‘quv konsalting markazi” davlat unitar korxonasi va Italiyaning GalileoFerraris instituti hamkorligida “Italiya turizmi haftaligi” davom etmoqda. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Foto: O‘zA

Loyiha mobaynida italiyalik ekspertlar bir qator soha vakillari: mehmonxona, restoran va turistik korxonalar xodimlari, restoran oshpazlari, barmenlar, somelyelarning kasbiy mahoratlarini oshirishga yo‘naltirilgan master-klasslarni namoyish etadi.

Tadbir mobaynida Italiya turizm industriyasining yetakchi ekspertlari tomonidan turizm va gastronomiyaning eng qiziqarli hamda dolzarb mavzulari yoritib beriladi. Keyinchalik tadbir ishtirokchilari bu yerda olgan yangi bilimlarni o‘z faoliyatlarida qo‘llashlari mumkin. Kurs yakunida esa barcha ishtirokchilarga tadbir tashkilotchilari tomonidan xalqaro sertifikat va qimmatbaho sovg‘alar topshiriladi.

Tashkil etilayotgan mahorat darslarida turizm va mehmonxona xo‘jaligi kasb-hunar kollejlari, mehmonxona, restoran va turistik korxonalarning 70 nafardan ortiq vakillari ishtirok etmoqda.

Ma’lumot uchun, institut Italiyadagi umumiy ovqatlanish va mehmonxona xo‘jaligiga ixtisoslashgan davlat maktabi bo‘lib, turizm sohasida kadrlar tayyorlash bo‘yicha yetakchi muassasa hisoblanadi. Hozirgi kunda mazkur maktab 1,6 ming nafar o‘quvchiga 5 yillik ta’limni taklif etadi.